Samarali ishlash uchun qulay imkoniyat
Buxoro viloyati Shofirkon tumani obodonlashtirish boshqarmasi moddiy-texnik imkoniyatlarni oshirish, ishchi-mutaxassislar samarali ishlashlari uchun yanada qulay imkoniyat yaratish maqsadida korxonaga yana 4 ta maxsus texnika transport vositasi berildi. Tuman mutasaddilari ishtirokida mazkur texnika vositalari obodonlashtirish boshqarmasiga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, obodonlashtirish tarmog‘i zimmasiga yuklangan mas’uliyat yildan-yilga ortmoqda. Yangidan qabul qilingan transport vositalari esa ayni paytda tumanda xizmat doirasidagi 1076 kilometr ichki yo‘lni ta’mirlash, 112 ta qabristonni toza va talab darajasida saqlash, 23 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagini tartibga solish, jami 2400 ta beton tayanch ustunidagi yoritish tizimini barqaror ishlatishda qo‘l keladi.

Obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida bugunga kelib 330 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi faoliyat yuritmoqda. Yangi zamonaviy rusumdagi supurish, tozalash va suv sepish mashinasi, shuningdek, ichki yo‘llarni tekislashda qo‘l keladigan avtogreyder soha xodimlari ishini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, viloyat hokimligi tomonidan jamoaga daraxtlar va ko‘chatlarda uchraydigan zararkunandalarga qarshi biologik ishlov berish-dorilashni amalga oshirishda qo‘llaniladigan “Foton” rusumli avtomashina ham topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.