Salomatlikka eltuvchi 5000 qadam
Oqoltin tumanidagi Ko‘rkam diyor mahallasida erta tongdan boshlangan harakat bir maqsad atrofida birlashgan insonlarning intilishini yana bir bor namoyon etdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi bu gal ham aholi, ayniqsa xotin-qizlarni jismoniy faollikka chorlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda turli yoshdagi ayollar, faol yoshlar va mahalla faollari ishtirok etib, erta tongdagi piyoda yurish marafonida bir safda harakat qildi. Qisqa fursat ichida oddiy tashabbus umumiy kayfiyatni ko‘targan, odamlarni yaqinlashtirgan va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirgan ijtimoiy maydonga aylandi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, muntazam piyoda yurish yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi, organizmdagi qon aylanishini faollashtiradi va stressni kamaytiradi. Shu ma’noda, “5000 qadam” kabi tashabbuslar profilaktik tibbiyotning eng sodda va samarali usullaridan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
— Bugungi ishtirok bizga katta ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etdi, — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Sabohat Ashurova. — Eng muhimi, bu kabi tadbirlar orqali sog‘lom hayot tarzi odatga aylanmoqda.

Yoshlar ham tashabbusga befarq emas. Ular bunday aksiyalar orqali nafaqat sog‘lomlashish, balki vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniga ega bo‘layotganini ta’kidlashmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — ayollar o‘rtasida surunkali kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, jismoniy faollikni oshirish va kundalik hayotda piyoda yurish madaniyatini shakllantirishdan iborat.

E’tiborli jihati shundaki, bunday tashabbuslar nafaqat sog‘liqni mustahkamlashga, balki mahallada ijtimoiy muhitni yanada jonlantirishga ham xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA