Salohiyatning yangi qirralari
Bundan 20-yilcha avval Husan Arabboyev Navoiy nomidagi xo‘jalikda bosh zootexnik edi. Bugun fermer sifatida nafaqat Chinoz tumani, balki butun Toshkent viloyatiga tanildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarini tubdan takomillashtirish hamda ish yuritishning ilg‘or uslublaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, dehqon, tadbirkor, hunarmandlarning emin-erkin ishlashi uchun yaratilayotgan qulayliklar yuksak samaralar bermoqda. Manfaatdorlik oshib, aholi turmush darajasi yildan-yilga yuksalayotir.
Endi navbat sehga
Bundan 20-yilcha avval Husan Arabboyev Navoiy nomidagi xo‘jalikda bosh zootexnik edi. Bugun fermer sifatida nafaqat Chinoz tumani, balki butun Toshkent viloyatiga tanildi.
U 1995-yilda 500 boshdan ziyod naslli mol olib, “Yulduz” fermer xo‘jaligiga asos soldi. 25 nafar kishini ish bilan ta’minladi. Bir-ikki yillik faoliyati davomidayoq davlatimiz rahbari rahnamoligida soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, fermerlarga yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlardan oqilona foydalana olgan qishloq mulkdori ko‘p narsalarga erishishi mumkinligiga aqli yetdi.
Ikki minginchi yillarga kelib, qoramol parvarishida zarur ozuqa ekinlari yetishtirish uchun 310 gektar yer oldi. Orttirgan daromadiga yana 500 bosh qoramolga mo‘ljallab ferma qurdi. Mingdan ortiq qoramol, shu jumladan, 400 bosh sigirni boquvga qo‘ydi. Natijada 20 kishi ishli bo‘ldi.
Chorvador fermasiga 2014-yil o‘z mablag‘i, yetmaganiga bankdan olingan 1 milliard 200 million so‘mlik kredit evaziga Germaniyadan 24 bosh sigirni bir vaqtda sog‘ishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiya olib kelib o‘rnatdi. Bu bilan mehnat sarfi kamayib, mahsulot sifati, ish unumi oshishiga erishdi.
– Davlatimiz rahbarining fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori va yaratilayotgan sharoitlar samarasida xo‘jaligimiz tobora rivojlanib bormoqda, – deydi fermer. – O‘tgan yili Germaniyadan 62 bosh qora-ola golshteynpriza zotli mollar keltirdik. Bu bilan chorva sonini 1 ming 183 boshga yetkazdik. Ushbu naslli sigirlar kuniga o‘rta hisobda 30 litr sut beradi. Hozir ularning bir nechtasi buzoqladi. Hammasi sutga kirgach, sut yetishtirish qariyb 3 barobarga oshadi.
Ayni paytda mazkur xo‘jalikda boqilayotgan sigirlardan kuniga 8-8,5 tonna sut sog‘ib olinmoqda. Ular poytaxtdagi sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarga peshma-pesh yetkazib berilayotir. Bu yerda qishlovga puxta hozirlik ko‘rilgani, yetarli miqdorda chorva ozuqa zaxirasi yaratilgani qish mavsumining muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlamoqda.
Husan akaning so‘zlariga ko‘ra, xo‘jalikning bu yilgi daromadi o‘tgan yilgiga nisbatan 20-30 foizga oshadi. Xususiy chorvachilik xo‘jaligi tarkibida kuniga 10 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega sex barpo etiladi. Bu ishlar ijobiy hal etilgach, 15 yangi ish o‘rni ochiladi.
Tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limidan ma’lum qilishicha, Chinozda o‘tgan yillar davomida qoramolchilikni rivojlantirish, mol tuyog‘ini ko‘paytirish, naslini yanada yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan.
Prezidentimizning 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida tumandagi qoramolchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar zotdor va sermahsul chorva mollari, omixta yem va shirali ozuqa bilan ta’minlandi. Zooveterinariya va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi. “Dilgiyo fayz baraka”, “Chinoz Sherzod baraka”, “Rahmatov Abdukarim” kabi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklar o‘n oltitaga yetdi.
Bugungi kunda tumandagi mavjud fermalarda 3 ming boshdan ziyod qoramol, 1 ming 200 boshga yaqin sigir boqilmoqda. 2014-yilda 383 tonna go‘sht, 40 ming tonna sut yetishtirildi.
“Niagara Spring” mahsulotlari xaridorgir
Tadbirkor Zafar Ahmedov bir so‘mni bir so‘mga urib, uch so‘m qilish payida bo‘ldi. U shu maqsadda avval bozordagi savdosi chaqqon mahsulotlarni obdon o‘rganib chiqdi. So‘ng aql-idrokini, ishbilarmonlik qobiliyatini ishga solib, tinmay yelib-yugurdi. Uning bu urinishlari o‘z samarasini ko‘rsatdi. 2010-yilda xushta’m ichimliklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Niagara Spring” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdi.
Bugungi kunda “Niagara Spring”da 40 nafarga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Ular kuniga 40 ming dona pet kapsulalardan tayyorlangan 1-1,5 litrli idishlarga 15 xildagi salqin ichimlik qadoqlab, iste’molchilarga yetkazib berayotir.
...Bozorda muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni birday ushlab turishda quyidagi taomil qo‘l keladi. Ya’ni, mahsulotning sotuv bahosi o‘zgarmagan holda, tarkibi, hajmi, iste’molga yaroqliligi, sifati xaridor foydasiga o‘zgarishi kerak. Tadbirkor shu fikrga tayandi. O‘z mablag‘i va bank krediti hisobiga ishlab chiqarish quvvatini oshirdi. Mahsulot sifatini yanada yaxshilashga intildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi va ishchilar manfaatdorligi oshdi, foyda ko‘paydi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tumandagi xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining o‘tgan yilgi bitiruvchilaridan biri – Zilola Adhamova mazkur korxonaning qadoqlash sexida faoliyat boshladi.
– Bu yerda ishlash menga ma’qul bo‘ldi, – deydi Z.Adhamova. – Ish yurituvchimiz Otabek Ahmedovdan zamonaviy uskunalarni ishlatishni yaxshi o‘rganib oldim.
2014-yili mazkur korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish quvvati, sifati va samaradorligi yanada oshdi. Ishchi-xizmatchilarga qator qulayliklar yaratildi. Sarf-xarajatlar sezilarli darajada qisqardi.
Davlatimiz rahbarining 2009-yil 12-martdagi “2009-2014-yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘ldi.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida suvni filtrdan o‘tkazish va gazlash qozonlari yangilandi. 350 million so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirilib, ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etildi. Buning samarasida mahsulot sifati va qadoqlanish dizayni yanada yaxshilandi. 2013-yilga nisbatan qariyb 15 foiz ko‘p, aniqrog‘i, bir milliard 800 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
– Joriy yilda ham ishlab chiqarishda o‘rinsiz xarajatlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay bu raqamni ikki milliardga yetkazishni maqsad qilganmiz. – deydi “Niagara Spring” rahbari A.Ahmedov. – Shu kunlarda inson sog‘lig‘i uchun zarur mikroelementlarga boy bo‘lgan yaxna choy, gazlanmagan suv ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz.
Habibulla – sulola davomchisi
Hunarmandlik tadbirkorlikning dastlabki ko‘rinishi. Manbalarda uning yuzaga kelishi va ravnaq topishi bilan bog‘liq turli qarashlar, afsona va rivoyatlar mavjud.
Chinozlik tub aholining aytishicha, tuman markazidagi Afg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi Fayzulla Abdullayev tunukasoz hunarmandlarning to‘rtinchi avlodi ekan. Ulardan shu xususda so‘raganimizda – “Momolarimiz tunukaning taqir-tuquriga boshqorong‘i bo‘lishgan-da!” – deb, gapni mutoyibadan boshladi.
– Chindan ham. Esimni taniganimda, otam hovlimiz etagidagi mo‘jazgina ustaxonada tunukaga ishlov berib, turli ro‘zg‘orbop buyumlar yasardi, – deya eslaydi hunarmand. – Bir kuni yonlariga chaqirib, shunday dedi: “Bolam senga meros qilib qoldiradigan yagona bisotim shu – tunukasozlik! Uni davom ettir, avlodlarimga o‘rgat!”. Mana qariyb ellik yildirki, tunukadan aholi ehtiyoji uchun nimaiki zarur bo‘lsa, o‘g‘lim Melivoy bilan barini yasab, bozordagi do‘konda sotamiz. Otamning izmiga yurib kam bo‘lmadik.
Bugun Fayzulla akadan soha sirlarini o‘rgangan tunukasozlarning ham kamida 50-60 nafar shogirdi bor. “Ustoz-shogird” an’analarida voyaga yetgan bu tunukasozlar astoydil mehnat qilib, ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin bo‘lishiga erishmoqda.
Hunarmandning nevarasi Habibulla tunukasozlar sulolasining davomchisi. U ayni paytda yosh bo‘lishiga qaramay, mo‘ri, gumbaz, tarnov va boshqa buyumlarni bobosining ko‘rsatmasi bo‘yicha tayyorlamoqda.
– Bu buyumlar ko‘p vaqt va qunt talab qiladi. Misol uchun, gumbazlar katta-kichikligiga qarab 15-20 kunda tayyor bo‘ladi. O‘ta mustahkam yasalgan gumbaz bir necha avlodga xizmat qiladi, – deydi mazkur sulolaning oltinchi vakili Habibulla Ubaydullayev. – Buvamning “texnika va sanoat qanchalar taraqqiy etmasin, hunarmand mehnatiga bo‘lgan ehtiyoj hech qachon kamaymaydi. Zero, qo‘lda yaratilgan buyumda ijod jozibasi va did harorati bo‘ladi”, degan gaplari menga bu ishlarni qilishda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni sabot bilan yengishda kuch bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston «Hunarmand» uyushmasining Chinoz tumani bo‘limidan ma’lum qilishicha, bu yerda hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda. Yoshlarga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rgatish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. “Ustoz-shogird” an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar natijasida hunarmandlar 32 nafarga yetdi. Aholining bandlik darajasi va farovonligi yanada yuksalmoqda.
Bular birgina Chinoz tumanida chorvachilik, tadbirkorlik va hunarmandlik yo‘nalishlarida inson, uning manfaati va baxt-saodati yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan ayrim misollar, xolos. Hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yoshlarning o‘qib-izlanishi, ularni yuksak parvozlar sari tayyorlashga qaratilayotgan alohida e’tibor bundan-da yuqori.