Salohiyatli kadrlarning qadri oshadigan kunlar kelmoqda
Endi pora berib ishga kira olmaysiz; Lavozimni egallash uchun tanish-bilishchilik ish bermaydi; Isha kirib oldim, endi bo‘ldi... deya olmaysiz: ish samaradorligi baholanadi; Ko‘p ishlab kam maosh oldingizmi? Bunday holatlarga chek qo‘yiladi...
Xususiy tarmoqda “ishlamasang – tishlamaysan” tamoyili so‘zsiz amal qiladi. Chunki bu tizimda ishchi yoki xodimning ish samaradorligi qat’iy hisobga olinadi. Ammo davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda bunday emas. Shuning uchun ham ko‘plab sohalarda xonalarni to‘ldirib, stollarni egallab o‘tirgan, biroq ish bermaydigan xodimlar bisyor.
Ko‘p hollarda rahbarlar ish bermaydigan xodimlarni yaxshi biladi. Ammo ko‘pincha ularga hech qanday ta’sir chorasi ko‘rmaydi. Bunga gohida ularda salohiyat yetishmasa, gohida “birov”ning xolasi, jiyani, tog‘asi, ammasi yoki tanishini xafa qilishdan cho‘chiydi.
Endilikda har bir davlat tashkilotiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy etilayotgani bunga barham bera olsa ajab emas. Axir ildizimizga bolta urib kelayotgan shu tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik emasmi?
Mana shunday og‘riqli tizim tufayli katta rejalarni qilamizu, ularni bajarishga kelganda depsinib qolaveramiz. Zero, bir avialayner balandga ko‘tarilishi uchun uning har bir detali aniq ishlashi kerak.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan yuzta maqsad yoki “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida aynan adolatli kadrlar siyosatini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilgan. Xodimni ishga qabul qilishdan tortib uni ijtimoiy himoyalash, salohiyatiga qarab o‘sishi bilan bog‘liq masalalar yechimi aniq ko‘rsatib berilgan.
To‘g‘ri, keyingi paytda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali ishga tushirildi. Bu aholidagi “faqat pora berib ishga kirish mumkin”, degan qarashlarni o‘zgartira boshlagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etgan mazkur portal nomzodlarni ochiq mustaqil tanlovlar asosida saralashga qaratilgan elektron tizimi bo‘lib, unda davlat vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtirib borilmoqda.
Endilikda davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali Kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va baholashning huquqiy asoslari takomillashtiriladi.
Chunki Davlat dasturining 34-bandida davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini xolisona baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Mazkur band ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilning sentyabr oyiga qadar davlat fuqarolik xizmati tizimiga kiruvchi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni ishga qabul qilishda ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olishning yagona qoidalari ishlab chiqiladi.
Davlat xizmatiga kirish va uni o‘tash, kadrlar zaxirasini shakllantirish, xodimlarni baholash bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Raqamli davlat xizmati” loyihasi amalga oshiriladi.
Davlat xizmatida sohalar kesimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.
Davlat xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasi oshiriladi.
Dasturning 35-bandida davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish vazifasi belgilandi.
Mazkur band ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilning oktyabr oyiga qadar davlat fuqarolik xizmatchilarining ko‘nikmalarini oshirishda davlat buyurtmasini shakllantirish tizimi ishlab chiqiladi.
Xizmatchilarning moddiy va ijtimoiy ta’minot darajasini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Dasturning 36-bandida rahbarlik lavozimlari uchun munosib nomzodlarni tayyorlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.
Mazkur band ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yil sentyabr oyiga qadar respublika miqyosida zaxira kadrlarni saralash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Demak, endilikda kadrlar faqat salohiyatiga qarab ishga qabul qilishgina emas, balki ular layoqatiga qarab mas’ul lavozimlarni egallaydi.
Zaxira kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish choralari ko‘riladi.
Dasturning 37-bandida davlat organlarida ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha talablarni qayta ko‘rib chiqish va ularga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi ham qo‘yilgan.
2022 yil iyul oyiga qadar davlat organlarida ish vaqti va mehnat me’yorlari bo‘yicha qonunchilik qayta ko‘rib chiqiladi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti standartlari asosida takomillashtiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishga oid samarali mexanizmlar ishlab chiqiladi. Mehnat munosabatlaridagi huquqbuzarliklar uchun ta’sirchan choralar belgilanadi.
Moslashuvchan ish rejimi va faoliyatni masofaviy tashkil etish mexanizmlarini belgilaydigan tartib ishlab chiqiladi. Mehnatni muhofaza qilishda monitoring faoliyati joriy etiladi.
Xulosa qilib aytganda, xalq dilidagi fikrlar Davlat dasturida aks etdi. Chunki bunday hayotbaxsh tamoyillar hayotimizda bo‘lishini har birimiz orzu qilganmiz. Ular amalga oshsa, jamiyat rivojini orqaga surayotgan, salohiyatli kadrlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan “tanish-bilishchilik” illati, poraxo‘rlik balosi barham topsa, mamlakatimiz chinakam kuchli davlatga aylanadi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA