Salohiyatli kadrlar yurtimiz ravnaqi
Farmon va ijro
Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Sohaning mas’ul xodimlari, ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilishning ochiq hamda shaffof tizimini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, sohadagi islohotlar zamirida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ikkita muhim hujjat – Prezidentimizning 2025 yil 6 dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil 21 oktabrdagi “Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlari muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu farmonlar bilan davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda inson omilini istisno etish, kadrlar seleksiyasini faqat bilim va malaka (meritokratiya) tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirishning yangi mexanizmlari belgilab berildi.

Davlatimiz rahbarining farmoni ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomida belgilangan 33 ta hududda, jumladan, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida yangi boshqaruv tizimi joriy etildi. Mazkur tizim doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘linmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazildi. Ushbu o‘zgarishlar hududlarda qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish va mas’uliyatni aniqlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur tumanlarda kompleks tahlillar o‘tkazilib, mahallalar kesimida ichki imkoniyatlar aniqlandi. Natijada iqtisodiy, ijtimoiy, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma sohalarida jami 108 ta amaliy taklif ishlab chiqildi.

Hokimliklar tizimida faoliyat yuritayotgan kadrlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, xodimlar uchun Xitoy, Latviya va boshqa davlatlarga stajirovkalar tashkil etildi. Barcha shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
Hozirda, hududdagi davlat organlari va tashkilotlarida jami 4 ming 952 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyat yuritmoqda. 2025 yil davomida 35 ta vazirlik va idora, 17 ta shahar va tuman hokimligi tomonidan 1 ming 942 ta vakant lavozim e’lon qilindi. Ushbu lavozimlarga 66 ming 389 nafar nomzod hujjat topshirgan. Bunda bir o‘ringa o‘rtacha 32 nafar nomzod to‘g‘ri keldi. Shundan 1 ming 823 ta lavozim bo‘yicha tanlov yakunlandi va 119 ta lavozim bo‘yicha jarayon joriy yilda davom etmoqda.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.