Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yil IT xizmati hajmini 30 foiz oshirib, 80 trillion so‘mga yetkazish, eksportni esa 1 milliard dollardan oshirish imkoniyati borligi haqida so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sakurai Akixiro ayni mavzuga oid mulohazalarini bildirdi.

– Yaponiya yirik sarmoya kiritib, raqamli markazlar yaratish va IT mutaxassislarining yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan uzoq muddatli strategiya yordamida O‘zbekiston IT tizimini o‘zgartirishga hissa qo‘shish niyatida. Yaponiya kompaniyalari mamlakat bozoriga faol kirib, “IT Park Uzbekistan” rezidentlariga aylanmoqda. 2025 yil fevral oyi holatiga ko‘ra, kun chiqar yurt kapitali ishtirokidagi shunday korxonalar soni o‘ntaga yetdi. Shundan beshtasi allaqachon Yaponiyaga xizmat eksport qilmoqda. Bu 2024 yil boshi bilan solishtirganda sezilarli o‘sishdir.
Тўққиз yapon kompaniyasi o‘tgan yil 87 yangi ish o‘rni yaratdi. Bu jamoalar nafaqat ilg‘or texnologiya joriy etish, balki yuqori malakali mutaxassis tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi.
Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI) bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlab, ko‘proq raqamli va ixtisoslashtirilgan tadqiqot markazlari yaratish orqali O‘zbekiston IT-sektori salohiyatini kuchaytirmoqchi.
Kelajakdagi rejalarimiz malakali mutaxassislarni ko‘paytirish, xususan IT-park rezidentlari sonini ikki barobar oshirib, joriy yil o‘zbek yoshlarining yapon kompaniyalaridagi mavqeini sezilarli darajada oshirishdan iborat.
Aholi qarishi hisobiga ishchi kuchi qisqarishi mamlakatimizdagi dolzarb ijtimoiy muammo hisoblanadi. Ya’ni, METI taxminiga ko‘ra, 2030 yilga borib IT-mutaxassislari yetishmovchiligi 790 ming kishiga yetishi mumkin. Shu bois METI va O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024 yil oktyabr oyi oxirida raqamli iste’dodlarni rivojlantirish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Yaponiya tashqi savdo tashkiloti – JETROIT-xizmati eksportini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan O‘zbekiston-2030 raqamli strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu hamkorlik doirasida qator qo‘shma tadbirlar, jumladan Tokioda O‘zbekiston IT-autsorsing konferensiyasini o‘tkazish, yapon IT missiyalarining respublikaga tashrifi tashkil etiladi.
Yaponiya kompaniyalari doim uzoq muddatli hamkorlikni ko‘zlaydi. Masalan, shaxsan mening rejam ham uch bosqichli: 2030 yilgacha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli strategiya. Mamlakatda yapon IT-xablari va tadqiqot markazlari ochish o‘rta muddatli bosqichning bir qismi. Bu jarayonda umumiy qarashni shakllantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni chuqurlashtirish juda muhim.
Umuman, raqamli texnologiyalar sohasidagi uzoq muddatli Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligi beqiyos salohiyatga ega.
Allaqachon Yaponiya hukumati, shuningdek kun chiqar yurtdagi davlat va xususiy sektor, ilmiy doira va moliyaviy institutlar – global korporatsiyalardan boshlab, mahalliy IT-kompaniyalargacha O‘zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirish maqsadiga yo‘naltirilgan muzokaralarni boshlab yuborganmiz. Toshkent IT-Parkiga yana ko‘plab yapon kompaniyalarini jalb qilish imkoniyati mavjud.
Xullas, O‘zbekistondagi rezidentlarimizni ikki karra, Yaponiyaga IT-xizmat eksportini esa 35 barobar ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Bu yo‘lda raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni tizimli ravishda mustahkamlab borish, jumladan yurtimizda O‘zbekiston salohiyati haqida xabardorlikni oshirish chora-tadbirlari ham ishlab chiqilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA