Yaqinda Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan texnologiya va innovatsiya sohasidagi yirik anjuman doirasida “Woman in Tech CCA Awards” g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan 300 dan ziyod ilg‘or ayollar ishtirok etgan ushbu tadbirda O‘zbekiston sharafini Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti texnika fanlari doktori, professor Saida Beknazarova munosib himoya qildi. U “Lifetime Achievement” - “Umrbod yutuqlar” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayolga aylandi.
“Women in Tech” 2017 yili tashkil etilgan xalqaro platforma bo‘lib, uning asosiy maqsadi ayollarni texnologiya, fan, muhandislik va matematika (STEM) sohalarida faol ishtirok etishga undashdir. 250 mingdan ziyod ishtirokchini qamrab olgan mazkur tashkilotning bosh ofisi Fransiyada joylashgan. “Woman in Tech CCA Awards” esa xotin-qizlarning innovatsion yutuqlari va tashabbuslarini e’tirof etishga qaratilgan nufuzli mukofot hisoblanadi.
–Men uchun ushbu mukofot nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston ayollarining texnologiya sohasidagi faolligini xalqaro maydonda tan olishidir. Bizda iqtidorli va mehnatkash ayollar juda ko‘p. Bu mukofot ularning ham umidlari va ilhom manbai bo‘lishiga ishonaman, – dedi S.Beknazarova.
Eslatib o‘tamiz, professor S.Beknazarova joriy yil 14 noyabr kuni Parijda bo‘lib o‘tadigan “Women in Tech” xalqaro mukofotlash marosimida ham ishtirok etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA