Said Rahmonovning “Hamohanglik” kitobi nashr etildi
Milliy matbuot markazida mahoratli jurnalist, iste’dodli publitsist Said Rahmonovning “Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan “Hamohanglik” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Muallifning mazkur ilk to‘plamida 2017-2024 yillarda Yangi O‘zbekistondagi turli markaziy nashrlarda chop etilgan 35 ga yaqin turkum maqolalari saralab jamlangan.
Jumladan, taraqqiyotimizning eng ustuvor vazifalari – kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand aholi ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, vatandoshlarimizning qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, inson qadrini ulug‘lash, kafolatli daromad manbalari, sifatli ta’lim, uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq xo‘jaligining barcha asosiy tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalarni olib kirish masalalariga katta urg‘u beradi.
[gallery-23730]
– Said Rahmonovning mavzular qamrovi keng, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Laziz Rahmatov. – U qaysi muammo bo‘yicha maqolaga qo‘l urmasin, eng avvalo, jahonning ilg‘or tajribasini o‘rganadi, muammoni chuqur ichiga kiradi, o‘zgarayotgan jamiyatimizga foydasi tegadigan aniq va jo‘yali takliflarni ilgari suradi. To‘plamdagi har bir maqola professional jurnalistning tinimsiz izlanishlari, so‘zning ustida puxta ishlashi mahsulidir, shuningdek, o‘quvchining tafakkurini ochishga, fikrlashga undashi bilan g‘oyat ahamiyatli.
Muallif qishloq xo‘jaligining yilqichilik, naslchilik, asalarichilik, polizchilik, anorchilik, pillachilik, ipakchilik, echkichilik, chorvachilik, kanopchilik, uzumchilik, baliqchilik kabi ko‘plab tarmoqlaridagi yangiliklarni, islohotlar va natijalarni mutaxassis sifatida tadqiq qiladi.
Jurnalistikada “Sarlavha yarim yutuq”, degan fikr bor. Said Rahmonov ularni topishda juda ijodiy yondashadi. “O‘zbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi”, “Ne’matidan xizmati qimmat”, “Unutilgan eskilikning biz bilmagan yangiliklari”, “Pomidorning dorisi ko‘pmi, zori ko‘pmi?”, “Achchiq ekinning shirin hosili”, “Kuyaning uyi kuysin”, “Bozorga tushganlarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytayotgani rost...mi?”, “Saryog‘dek kesilgan tog‘lar maskani”, “Sara urug‘ – hosil bo‘liq” kabi qiziqarli sarlavhalar, ko‘plab maqollarni o‘rinli qo‘llashi o‘quvchi ishtiyoqini kuchaytiradi, maqolani yanayam o‘qishli qiladi.
Muallif dala bilan tillashgan, yurt kezgan, jahongashta qalamkash. Har bir maqolada sohaning yetakchi olimlari, zukko mutasaddilari bilan fikrlashadi, tahlil doirasini maksimal kengaytirib, kichik bir dala egatidan, katta hududga, so‘ng mamlakat va global miqyosga yuksalib, hisob-kitobini chiqaradi.
To‘plamdan muallifning Hindiston, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya davlatlariga amalga oshirgan xizmat safarlari davomida yozgan juda qiziqarli maqolalari ham o‘rin olgan.
“Hamohanglik” kitobi qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, ixtisoslashgan mutaxassislar, umuman qo‘liga qalam olib, ijod qilayotgan har bir jurnalist, ayniqsa, oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar uchun juda foydali nashrdir.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari