Sahroga suv kelmoqda
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘yicha suvga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu esa suvdan oqilona foydalanish, suv sarfini aniqlashni talab etadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish o‘ta muhim.
Suvdan oqilona foydalanish iqlim sharoiti murakkab, suv resurslari cheklangan hududlarda foydalanilmay yotgan yerlarni iqtisodiy aylanmaga qaytarish, chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konimex tumanida yillar davomida qarovsiz yotgan yaylovlardan unumli foydalanish, ularni suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik uchun samarali maydonlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Buning uchun “Kengsoy” kanali qurilmoqda. Kanal orqali qishloq xo‘jaligi aylanmasidan chiqib ketgan 3 ming 800 gektar yaylov maydoni yana suv bilan ta’minlanmoqda.

Albatta, yerdan samarali foydalanish, ayniqsa, Navoiy viloyatidek tabiiy iqlim sharoiti murakkab hududda, avvalo, suv ta’minotiga bog‘liq. Shu bois Konimexda yerlarni o‘zlashtirish ishlari suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish bilan uyg‘un ravishda olib borilmoqda.
– Ayni paytda ekin maydonlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida 1,6 million kub metr sig‘imga ega suv rezervuari qurilishi jadal davom ettirilmoqda, – deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Eldor Hazratqulov. – Bu ishlar hududga sarmoya va tadbirkorlik faoliyatini jalb qilish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Mamlakatimizdagi 8 ta yetakchi bank tomonidan 2 ming 300 gektar maydonda istiqbolli loyihalar shakllantirilgan. 9 ta mahalliy tadbirkor va “Agrostar” MCHJ tomonidan chorva ozuqasi bazasi yaratilmoqda. Xitoylik investorlar esa 500 gektar maydonda paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Konimexda azalda chorvachilik rivojlangan. Bu yerda chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini shakllantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. O‘zlashtirilgan 4 ming gektar lalmi yerga makkajo‘xori ekilib, gektaridan 40 tonnadan hosil olish va umumiy hisobda 124 ming tonna silos tayyorlash rejalashtirilgan. Bu esa chorvachilik tarmog‘ining barqaror ozuqa ta’minotini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

Hududda 15 ming bosh mayda shoxli va 5 ming bosh yirik shoxli molni parvarishlashga mo‘ljallangan yirik majmua ham barpo etilmoqda. Mazkur loyiha chorvachilikni zamonaviy asosda tashkil etish, mol bosh sonini ko‘paytirish bilan birga, mahsuldorlikni oshirish, sifatli mahsulot ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Hozirda 30 ga yaqin og‘ir texnika va 100 ga yaqin ishchi yerlarni o‘zlashtirish, infratuzilma ob’ektlarini barpo etish hamda yangi ekin maydonlarini tayyorlash ishlariga jalb etilgan.

Eng muhimi, yillar davomida qarovsiz yotgan yerlarga bugun investitsiya va suv bilan birga yangi hayot kirib kelmoqda. “Kengsoy” kanali orqali suv bilan ta’minlanayotgan 3 ming 800 gektar yaylov, o‘zlashtirilayotgan 4 ming gektar lalmi yer, tashkil etilayotgan ozuqa bazasi va barpo etilayotgan yirik chorvachilik majmuasi hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri