Sahroda mo‘jiza yaratayotganlar
Konimex tumani Navoiy viloyatining janubiy hududlaridan. Tumanning asosiy qismi Qizilqum kengliklarida joylashgan, aholisi azaldan asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Konimex tumani Navoiy viloyatining janubiy hududlaridan. Tumanning asosiy qismi Qizilqum kengliklarida joylashgan, aholisi azaldan asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasida bugun sahro bag‘rida ham sanoat tobora rivojlanmoqda.Sahroda issiqxona barpo etib, limon yetishtirishni hech tasavvur qilganmisiz? Chorva junini zamonaviy texnologiyalar yordamida yuvib, qayta ishlashga tayyorlayotgan tadbirkor chorvadorlar haqida eshitganmisiz?
Tuman markazidan 130 kilometr uzoqlikda, qo‘shni davlat bilan chegara hududida joylashgan Abay nomidagi shirkat xo‘jaligida ana shunday mo‘jizalarga guvoh bo‘lish mumkin.
Prezidentimiz rahnamoligida chorvachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor qishloqda zamonaviy infratuzilmani taraqqiy ettirish, sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. Qishloqda chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari ko‘paymoqda. Mamlakatimizda go‘sht, sut va sut mahsulotlari yetishtirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan ushbu korxonalarda qishloq odamlari, asosan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari va xotin-qizlar mehnat qilayotir.
Navoiy viloyatida aholini sifatli sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 2015-yilda chorvachilikda yalpi mahsulot 1,1 trillion so‘m yoki umumiy ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 52,2 foizini tashkil etdi. Bunda Qizilqumdagi chorvachilikka ixtisoslashgan shirkat xo‘jaliklarining ham munosib hissasi bor.
– Ayni paytda xo‘jaligimizda parvarishlanayotgan 58 ming boshdan ortiq chorva mollarining qariyb 31 ming boshi sovliqlardir, – deydi xo‘jalik raisi o‘rinbosari Tilakboy Kaldibekov. – Chorvamiz ko‘klamga sog‘lom chiqmoqda. Xo‘jaligimizda sanoatni ham bosqichma-bosqich rivojlantirmoqdamiz. Qariyb 40 million so‘m mablag‘ evaziga jun yuvish dastgohi keltirilmoqda. Zamonaviy texnologiya o‘rnatilgach, yiliga 10 tonna junni tozalash imkoniyati yaratiladi. O‘ndan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlanadi. Ayni paytda quyonchilikni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar ham boshlab yuborilgan. Bu loyiha amalga oshgach, yana bir necha yoshlar ishli bo‘ladi. Yarim gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonamizdagi 30 tup limondan mo‘l hosil olmoqdamiz.
Bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralaridir.