“Sahifalarga sochilgan saboqlar”
Taniqli arxeolog, tarixchi olim va yozuvchi Amriddin Berdimurodov o‘zining esselar, suhbatlar va publitsistik maqolalardan iborat yangi “Sahifalarga sochilgan saboqlar” kitobini qadim Sharqning eng ko‘hna shaharlaridan biri, yer yuzining sayqali bo‘lmish Samarqandning 3000-yilligiga bag‘ishlanadi, deb yozadi debochada.
“Sahifalarga sochilgan saboqlar”ni shartli ravishda tarixdan saboqlar deb nomlashimiz ham mumkin.
Kitob o‘zida Samarqand shahri va yurtimiz tarixining turli davrlarini aks ettirgan ajoyib esselar, g‘aroyib suhbatlar va publitsistik maqolalar jamlangani bilan qadrli. Undagi yurtimizga bostirib kelgan Aleksadr Makedonskiy, Chingizxon va Oq podsho qo‘shinlariga qarshi erk jangiga otlangan qahramon ajdodlarimiz haqidagi ibratli hikoyalardan ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tariladi.
Amir Temur va temuriylar davrida qadim Turonzaminda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yuksak ilm-fan, san’at-madaniyat, Temuriylar renessansi haqida qiziqarli ma’lumotlar ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu so‘zlari bilan boshlanadi:
“Samarqand shahri azaldan sivilizatsiyalar, xalqlar va madaniyatlar muloqoti markazi bo‘lib kelgan”.
Ushbu yuksak e’tirof va mashhur fransuz sharqshunosi Jon Pol Runing: “Samarqand, avvalambor, afsona va rivoyatlar shahri, u ibodatxonaga monand, muqaddas maskan. Bu shaharda qadim-qadimlarda Aleksandr Makedonskiydan ancha ilgari Firdavsiy o‘z “Shohnoma”sida kuylagan va turklar o‘zlarining bosh qahramoni deya hisoblaydigan Afrosiyob yashagan. Oradan ancha vaqt o‘tgach, bu yerga Payg‘ambarning amakvachchasi Qusam ibn Abbos kelgan” so‘zlari bu ulug‘ shahar yoshini va kitob mundarijasini ifodalab, bezab turgandek.
“Sahifalarga sochilgan saboqlar” V bobdan iborat.
“Istiqlol nasimidan ilhomlanib...” nomli I bob “Avvalambor, qayoqqa borishingni mo‘ljallashingdan oldin qayerdan kelganligingni bilishing kerak” deguvchi xalq hikmati bilan boshlanadi.
Unga kirgan esse va maqolalar sarlavhasiga e’tibor bering: “Toptalgan meros”, “Ulug‘larimizni qachon ulug‘laymiz?”, “Merosning qaytarish – ishning yarmi...”, “O‘tmish va kelajak o‘rtasidamiz”, “Birovga choh qazisang...”.
II bob “Iskandardan Chingizxongacha” deb nomlanadi. “Osiyo go‘zali”, “Iskandarning shoxi bormidi?”, “Spitamen qizining qismati...”, “Spitamen va Kleopatra”, “Xoinona o‘ldirilgan xoqon”, “Hajga bormay hoji bo‘lgan vazir”, “Yov yalovin qayirgan shayx”... haqidagi nodir ma’lumotlar jamlangan esse va maqolalar bor.
III bob “Amir Temur va temuriylar tarixi” deb nomlanadi. Unda “Jahongir”, “Sohibqironning oltin haykali”, “Amir Temurning ayollarga munosabati”, “Amir Temurning xazinasi qayerda?”, “Sohibqiron Moskvaga borganmi?”, “Afsona qobig‘idagi tuhmatlar”, “Amir Temur – Mustaqillik ramzi” singari maqolalar joy olgan.
IV bob “Ikki boshli burgut hamlasi” deb nomlanadi. “Ittifoqsizlikdan kelgan falokat”, “Ajalini axtargan rassom”, “Fon Kaufmandan qolgan marosim”, “Oq podshoning “marhamati”, “Xotiramizning umri qisqami?” kabi maqolalardagi achchiq haqiqatlar uchquni qalbingizni kuydirgandek bo‘ladi.
V bob esa muallifning turli mavzularda bitgan maqolalaridan iborat...
Jami besh bobda jam bo‘lgan hikoyalar – “sahifalarga sochilib ketgan saboqlar” millat ruhini ko‘tarishga qanchalar cho‘ng xizmat qilishi mumkinligini mutolaa jarayonida qalb-qalbdan his qilasiz.
“Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatga bosh bo‘lganining ilk kunidanoq xalqimizni allomalarimiz merosidan bahramand qilishga kirishdi. Har bir viloyat va tumanda mutafakkirlar qo‘nim topgan joylar obodonlashtirilib, ularning asarlari qayta nashr etildi. Birgina Samarqandning o‘zida keyingi 7-8 yil ichida yuzdan ziyod allomaning merosi xalqqa tuhfa etildi” deb yoziladi kitobda.
Amriddin Berdimurodovning yangi kitobi qadim Samarqandning shonli o‘tmishi – bulutli va nurli yo‘llarini haqqoniy aks ettirgani bilan o‘quvchi e’tiborini o‘zga tortadi. Kitobni, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA