Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi 82-umumta’lim maktabida davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi, Tojikiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti, filologiya fanlari doktori, professor, Tojikiston Qahramoni Sadriddin Ayniy tavalludining 146-yilligiga bag‘ishlab, “Ikki xalq farzandi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika tojik milliy madaniy markazi raisasi Gulandom Subxanova, Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donayev, Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Mamadiyev hamda qator viloyatlar tojik milliy madaniy markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Sadriddin Ayniyning hayoti va ijodi, o‘zbek va tojik adabiyotidagi tutgan o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi. O‘z davrining davlat va jamoat arbobi, yirik olimi sifatidagi ulkan xizmatlari e’tirof etildi.
[gallery-17205]
Sadriddin Ayniy Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida ijod qilib, bir daraxtning ikki shoxi deya, ta’riflanayotgan ikki millat xalqlarining azaliy do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shgan.
Ulug‘ jamoat arbobi dastlab eski maktabda, keyin Buxorodagi qator madrasalarda tahsil olgan. O‘z davrida uning dunyoqarashini o‘zgartirishga Ahmad Donish va Ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog‘iy hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlari sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochib, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat darslik yaratgan. Ikki tilda birdek ijod qilgan yozuvchining “Doxunda” romani “(1927-1929-yillar) tojik tilida, “Qullar” romani (1934-yil) o‘zbek tilida nashr etilgan. Eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida so‘z yuritilgan “Eski maktab” (1935) asari ham o‘ziga xos uslubda yozilgani bilan mashhur bo‘lgan. U mohir satirik, yirik adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida ikki xalq adabiyoti, ilm-fani rivojiga salmoqli ulush qo‘shgan. “Doxunda”, “Qullar”, “Sudxo‘rning o‘limi” kabi asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Shu kuni tumandagi 12-umumta’lim maktabida ham Sadriddin Ayniy tavalludining 146-yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuksak saviyada uyushtirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri