"Sadoi Farg‘ona"ning hur sadolari (+video)
Jadid matbuotining yirik nashrlaridan biri — 1914 yil 3 apreldan chiqa boshlagan “Sadoi Farg‘ona” gazetasidir. Qo‘qon shahrida chop etilgan gazetaning egasi va muharriri tog‘-kon muhandisi Obidjon Mahmudov bo‘lib, gazeta uning xususiy matbaasida bosilgan.
Gazeta Turkiston jadidlarining ta’limni isloh etish g‘oyasini bosh masala sifatida o‘z oldiga qo‘ydi va “usuli jadida” maktablarini targ‘ib etdi.
“Sadoi Farg‘ona”ning 44-sonida “Buxoroda maktablar yopilmoqda” nomli maqolada 1914 yil 5 iyul, shanba kuni Buxoro qozikaloni va qushbegisining Buxoroda 3 ta (Govkushon — 70 nafar o‘quvchi, Bozori Kafsh — 20 nafar, Labihovuz — 35 nafar) yangi usul maktabini yopib, o‘qituvchilardan xat olgani ma’lum qilinadi. Muallif ko‘chada qolgan bolalarning yig‘lab yurgani haqida yozadi. Turkiston o‘lkasidagi taraqqiyparvarlik harakatini qo‘llab-quvvatlab, Turkmanistonning Chelikin ovulida ochilgan jadid maktabi muvaffaqiyatlarini, Koshg‘arda ochilgan jadid maktabi haqida xabar beradi.
“Sadoi Farg‘ona” sahifalarida oliy ta’lim muammolari, ayniqsa, madrasa ta’limini isloh etish bilan bog‘liq munozaralarga keng o‘rin ajratilgan.
“Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy xabarlarga ham keng o‘rin bergan. Muhimi, bu materiallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustamlakachi manfaatini emas, aksincha, Turkiston xalqlarining qiziqishlarini ham ifoda etgan.
“Sadoi Farg‘ona”ning so‘nggi 123-soni 1915 yilning 6 iyunida chop etiladi. Gazeta o‘z davrining siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, maishiy muammolarini dadil ko‘tara olgan nashr sifatida o‘zbek jurnalistikasi tarixidan munosib o‘rin egalladi. Turkistondagi boshqa jadid gazetalaridan “Sadoi Farg‘ona”ning yana bir farqli jihati shu ediki, u o‘zining sahifalarida ulamolar uchun ham keng o‘rin berdi va hech qachon keskin ziddiyatga sabab bo‘luvchi maqolalarni chop etmadi. Mana shu mo‘’tadil siyosati tufayli gazeta Turkiston ulamolarining ham, jadid taraqqiyparvarlarining ham birday sevimli minbariga aylana oldi. Ikkinchi tomondan, gazeta ijod ahli uchun ham keng o‘rin ajratdi. Gazeta sahifalarida So‘fizoda, Tavallo she’rlari, yosh Cho‘lpon, Ibrohim Davronning ilk ijodiy namunalari nashr etildi. Aytish mumkinki, “Sadoi Farg‘ona” keyinchalik Turkistondan ko‘plab ijodkorlar, jurnalistlar yetishib chiqishida ham katta rol o‘ynadi. “Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy axborotlar uchun ham keng o‘rin ajratgan. Bu materiallar, asosan, Birinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Turkiston jadidlarining muayyan maqsadlarini ifodalashi bilan ahamiyatga molikdir. “Sadoi Farg‘ona” o‘z davrida xalqimizning siyosiy ongini, siyosiy madaniyatini oshirishda bemisl xizmat qildi. Keyinchalik ilk siyosiy tashkilotlar, siyosiy partiyalarning paydo bo‘lishida juda katta rol o‘ynadi.
Batafsil
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ov2pqTqSBm8" title=""Sadoi Farg`ona"ning hur sadolari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA