“Sadaf sut” kooperatsiya tashkil qildi (+video)
Farg‘ona viloyatidagi savdo do‘konlari Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritadigan “Sadaf sut” oilaviy korxonasi mahsulotlariga avvaldan haqini to‘lab navbatda turadilar. Buning asosiy sababi uning mahsuloti sifatliligi, arzonligi va xaridorgirligida.
“Sadaf sut” garchi oilaviy korxona tarzida faoliyat boshlagan bo‘lsada, bugunga kelib viloyatning yirik va muttasil bir maromda ishlayotgan korxonalaridan biriga aylandi.

– 2025 yilda “Sadaf sut” oilaviy korxonasida 11 ming tonna sut qayta ishlandi, –deydi korxona asoschisi Sayyidqosimxon Qoraboyev. – Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari aholisiga tabiiy sutdan sifatli mahsulot yetkazib beryapmiz. Xitoy, Turkiya, Germaniyadan uskunalar olib kelganmiz. Hozirgi kunda 38 xil mahsulot ishlab chiqaryapmiz.

Bizga 2025 yil juda omadli keldi. Ikkinchi zavodimizni ochdik. Natijada 200 nafar ishchimiz 300 nafarga yetdi. Zavodni to‘liq quvvat bilan ishlatsak, 600 ta ishchi o‘rniga erishamiz. Bu 2026 yilga mo‘ljallangan rejamizdir.

Korxona rahbari Sayyidqosimxon Qoraboyev kamtarlik bilan aytayotgan raqamlar ortida albatta uzoq yillik fidoyi mehnat turibdi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoit, soliq va boshqa imtiyozlarni qadrlab, ulardan samarali foydalanib va rivojlantirish uchun ham avvalo iqtisodiy bilim, shijoat hamda vatanparvarlik kerak. Sayyidqosimxon g‘ayrat va ezgu niyat bilan kirishgan edi bu ishga. Mana endi, Yevropa va Osiyoning sutni qayta ishlash zamonaviy texnologik liniyalarida salkam 40 turdagi sut mahsulotlarini yuqori sifat belgisi bilan ishlab chiqarishga erishdi. Keling, korxona savdo aylanmasi va daromadini hisoblamaylik. Barchasini bir raqam bildirib turadi: “Sadaf sut” oilaviy korxonasi bir kunda 300 million so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarmoqda.

Xo‘sh, korxona asosiy xomashyo – sutni qayerdan oladi? Albatta, aholi va chorvachilik fermerlaridan, deyishingiz tayin. Ammo “Sadaf sut” yangicha usulni tashkil etdi, ya’ni aholi bilan kooperatsiya tuzdi.

– Biz ilgari sutni aholi va fermerlardan tarqoq holda olar edik. 2025 yilda Uchko‘prik tumanidagi “Qorayantoq” MFYda yuzta xonadon bilan kooperatsiya usulida ishlashga o‘tdik. Ularga mol olib berdik. Shart bitta: sutni bizga topshirishadi, – dedi Sayyidqosimxon.

Shunday qilib, “Sadaf sut” xozircha birgina Uchko‘prikdagi “Qorayantoq” MFYda 100 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratdi. Aniqrog‘i, 100 nafar kishi o‘z-o‘zini band qildi. Bundan ikki tomon ham yutdi. Xonadonda bir kishi ish bilan band, qolaversa, har kuni tayinli daromadi bor. Yil o‘tmay buzoqli ham bo‘ladi.

Bu tashabbusni Farg‘ona viloyati hokimligi ma’qulladi.
– Sinov o‘z samarasini berdi. 2026 yilda endi o‘nta mahallaning har biriga yuztadan, jami 1000 ta sigir berib ularni ish bilan ta’minlaymiz. Shunda kooperatsiyaning o‘zi har kuni 10 tonna sut beradi korxonaga.
Yaqin kunlarda bankaga qatiq ivitib, dollarda millioner bo‘lgan yosh zamondoshimiz haqidagi videohikoya bilan tanishasiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5jg9S8bZ1Ok" title="“Sadaf sut” kooperatsiya tashkil qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA