Avaza sammiti: Markaziy Osiyo va Ozarbayjonni birlashtirgan tarixiy geosiyosiy va iqtisodiy burilish
Bugun biz dunyo geosiyosiy xaritasi shiddat bilan qayta tuzilayotgan, global ta’minot zanjirlari uzilib, yangi iqtisodiy va transport yo‘laklari shakllanayotgan murakkab bir davrda yashayapmiz. Mana shunday tarixiy sharoitda Avazada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqa taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan iliqlik, chegaralarning ochilgani, savdo-sotiq hajmining keskin o‘sgani va eng muhimi, muammolarni o‘zaro muloqot orqali hal qilish madaniyatining shakllangani tasodif emas. Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning tuzilishi mintaqamizda suveren va teng huquqli munosabatlar muhiti yaratilganining isbotidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va sog‘lom pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak” degan qoida bugungi kun siyosiy voqeligida eng maqbul va hayotiy yondashuv ekani bilan yanada ahamiyatlidir. Mintaqamizning xalqaro maydondagi sub’ektligi ortib, “Markaziy Osiyo plyus” formatlariga qiziqishning kuchaygani aynan shu ishonch muhitining natijasi sanaladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi mintaqaviy integratsiyani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradigan konseptual g‘oyadir. Sababi, hozirgi kunga qadar mamlakatlarimiz bir-biri bilan asosan xomashyo va tayyor mahsulot ayirboshlash bilan cheklanib kelayotgan edi. Biroq global raqobat kuchaygan sharoitda jahon bozoriga chiqish qiyin. Agar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘z sanoat salohiyatini birlashtirib, yagona texnologik va ishlab chiqarish zanjirini yaratsa, bu butun mintaqa iqtisodiyotini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Bu borada 2027-yilda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maxsus platformasini yaratish tashabbuslari amaliy natijalarga erishish yo‘lidagi aniq qadamlardir.
Shu bilan birga, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish, nafaqat yo‘llar qurish, balki yangi transport yo‘laklari bo‘ylarida ishlab chiqarish, logistika va sanoat zonalarini tashkil etish g‘oyasi transport arteriyalarini chinakam iqtisodiy o‘sish nuqtalariga aylantiradi. Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengashni tuzishning tezlashtirilishi esa bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.
Energetika xavfsizligi va “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik bugungi kunning eng o‘tkir talabidir. Uglevodorod zaxiralari va gidroenergetika salohiyatini uyg‘unlashtirgan holda, kam uglerodli energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash mintaqaning energetik barqarorligini ta’minlaydi.
Ekologik xavfsizlik masalalari orasida suv resurslari taqchilligining oldini olish, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish va suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish hayotiy zarurat hisoblanadi. O‘zbekistonning kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida raislikni qabul qilib olishi bu boradagi amaliy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim minbar bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, Afg‘oniston bilan suv resurslaridan foydalanish masalalarida doimiy muloqotni davom ettirish mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘ta muhim strategik qadam hisoblanadi.
Aholi punktlari va shaharlarda havoning ifloslanishiga qarshi kurashish maqsadida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumini tashkil etish va sanoat zonalarini ekologik modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot dasturlarni boshlash tashabbusi esa aynan inson salomatligi va qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan xalqchil qadamdir.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Avaza sammiti va unda ilgari surilgan strategik tashabbuslar mintaqamiz tarixida yangi, yanada yaqin va amaliy hamkorlik sahifasini ochdi. Xususan, qardosh Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi Kaspiy va Markaziy Osiyo makonlarini yagona geoiqtisodiy va siyosiy kuch markaziga aylantirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA