2018-yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 mingdan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Shunga qaramasdan, bugungi kunga qadar 3 milliondan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimini kutmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
– Qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda, – dedi adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov. – Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish asoslari nazarda tutilmoqda. Bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida 7,5 mingdan ortiq turar-joy mavjud. Bundan tashqari, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini o‘zgartirish, ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartiblari o‘z aksini topmoqda.
Loyihada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan masalalar ko‘pchilikni qiynayotgan, yillar davomida o‘z uy-joyiga egalik huquqiga ega bo‘lmagan fuqarolarning muammolaridan biri ekani ta’kidlanib, bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, Spiker loyihaning nomini ham o‘ylab ko‘rish kerakligini bildirdi. Chunki, ota-bobosidan meros bo‘lib, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan uy-joylar va yerlar ham borligi, ularga nisbatan “o‘zboshimchalik bilan egallangan” deyish o‘rinli emasligini ta’kidladi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA