Rustam Ergashev: "Yoshlarimiz atom sohasining yangi avlodiga aylanadi"
Mamlakatimizda ortib borayotgan energiya ehtiyojlarini qondirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida atom energetikasini rivojlantirish muhim hisoblanadi. Uning yuqori samaradorligi, katta hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati hamda atmosferaga zararli gazlar chiqarish miqdorining nisbatan pastligi ushbu sohaning ustun jihatlaridir.
Shu sababli, mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa O‘zbekiston energetika tizimini diversifikatsiya qilish va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Bu haqda Jizzax viloyati Forish tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori Rustam Ergashev o‘z munosabatini bildirdi:
– Darhaqiqat, yaqinda tumanimizda AES loyihasining qurilishiga start berildi. Bu, albatta, forishliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Yangi ish o‘rinlari ochilishi, infratuzilmaning rivojlanishi va ijtimoiy sharoitlarning yaxshilanishi xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda, maktabimizda o‘tkazilgan “Fan va atom festivali” haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ushbu tadbir nafaqat zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, balki kelajak kasblari, AES xavfsizligi hamda Forishning mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega loyihadagi o‘rni haqida fikr almashish maydoniga aylandi.
Tadbirda Bog‘don, Uchquloch, Oybek va boshqa mahallalardan 150 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. AES qurilishi maydoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tuman uchun mazkur festival oddiy ilmiy-ma’rifiy tadbir doirasidan chiqib, atom energetikasi bo‘yicha o‘quvchilar, ekspertlar va Toshkent shahridagi "Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali o‘rtasidagi jonli muloqot maydoniga aylandi.
O‘quvchilarning tadbirga bo‘lgan qiziqishi dastlabki daqiqalardanoq sezildi. Maktabda matematika, fizika, ingliz tili va O‘zbekiston tarixi fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. Shu bois, atom sohasi mutaxassislari va talabalar bilan uchrashuv o‘quvchilar uchun darslarda olgan bilimlarining amaliy davomi bo‘ldi. Hozirda maktabda aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 270 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilidan esa tabiiy fanlar yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan.
O‘quvchilar imtihon asosida qabul qilinadi va tumanning turli mahallalaridan kelib ta’lim oladi. Jizzax viloyati hududining qariyb yarmini tashkil etadigan Forish tumani uchun zamonaviy ta’lim loyihalaridan foydalanish imkoniyati alohida ijtimoiy ahamiyatga ega.
Festival dasturi ilmni amalda namoyon etishga qaratildi. Maktabga kirishdayoq robot o‘quvchilar e’tiborini tortdi va uning atrofida o‘nlab bolalar to‘plandi. Shundan so‘ng tematik o‘yinlar va kvestlar tashkil etildi. Ular orasida atom texnologiyalariga oid topshiriqlar ham mavjud bo‘ldi. O‘quvchilar shartli “zanjir reaksiyasi”ni ishga tushirdi, interaktiv viktorinalarda qatnashdi, “Yer, men sen bilanman” hujjatli filmini tomosha qilib, uni mutaxassislar bilan muhokama qildi.
Forishlik o‘quvchilar atom texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning tajribasi bilan tanishdi. Talabalar o‘z kelajagini nima uchun atom sohasi bilan bog‘lagani, universitetga qabul jarayoni hamda muhandislik ta’limi yaratadigan imkoniyatlar haqida gapirib berdi.
O‘quvchilar atom energetikasini yopiq va murakkab soha sifatida emas, balki yuqori malakali muhandislar, fiziklar, dasturchilar, ekologlar va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan istiqbolli tarmoq sifatida qabul qila boshladi. Shu bilan birga, ularning savollari ham aniq va amaliy mazmun kasb etdi. Ular AES yaqinida yashash xavfsizligi, radiatsiya nazorati, yadro chiqindilarini qayta ishlash, atrof-muhitga ta’siri, yangi ish o‘rinlari va atom sohasida faoliyat yuritish uchun qaysi fanlarni chuqur o‘rganish lozimligi kabi masalalarga qiziqish bildirdi.
Sifatli ta’lim sifatli kadrlarni, sifatli kadrlar esa rivojlangan va farovon jamiyatni shakllantiradi. O‘quvchilarimiz kelgusida qaysi sohani tanlamasin, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lib, O‘zbekiston taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.