“Rus fasllari” madaniy loyihasining navbatdagi konserti
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida “Rus fasllari” madaniy loyihasining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda rossiyalik mashhur opera xonandasi, Rossiya milliy teatr mukofoti “Oltin niqob” hamda “Gremmi” Xalqaro mukofotining ikki karra sovrindori Ildar Abdrazakov o‘z musiqiy dasturlarini muxlislarga hadya etdi.
Aytish joizki, Ildar Abdrazakov 1976 yili Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahrida hayotini san’at bilan bog‘lagan insonlar oilasida tavallud topgan.
Ildar 1994 yilda Ufa davlat san’at institutida tahsil olishi bilan birga Boshqirdiston davlat opera va balet teatrida xonanda sifatida mehnat faoliyatini boshlaydi.
Betakror ovozga, o‘ziga xos ijro mahoratiga ega bo‘lgan I.Abdrazakov Rossiyada va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan tanlovlar, festivallarning sovrindori va g‘olibi bo‘lgan.
– O‘zbekiston, uning madaniy muhiti, go‘zal va yam-yashil Toshkent meni o‘ziga maftun etdi, – dedi rossiyalik mashhur opera xonandasi Ildar Abdrazakov. – Bu qadimiy va mehmondo‘st diyorga bir bor kelgan inson unga umr bo‘yi maftun bo‘lib qolar ekan.
Konsert doirasida “Fyodor Shalyapin – Sergey Raxmaninov. Parallellar va kesishmalar” mavzusidagi ko‘rgazma ham tashkil etildi.
Buyuk rus opera va kamer xonandasi Fyodor Shalyapin tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan katta konsert dasturi muxlislarga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA