Ruminiya elchisi: “Sport – mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash vositasi”
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda 24 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan II "Tashkent International Half Marathon" xalqaro yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Musobaqa 5 kilometrlik ommaviy yugurish hamda 21,0975 kilometrlik yarim marafon masofalarida tashkil etilib, yakunda g‘oliblar nomi ma’lum bo‘ldi.

Эътиборлиси, мазкур марафонда спортчилардан ташқари, давлат ва жамият арбоблари, зиёлилар ва юртимиздаги дипломатик миссия вакиллари ҳам қатнашди.
Xususan, Ruminiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu ushbu xalqaro yarim marafonda 5 kilometr masofaga yugurib, “Tashkent International Half Marathon” xalqaro sport hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi va tadbirning yuqori saviyada tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratdi.

Elchi O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasida sport sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish haqida so‘z yuritar ekan, o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorovning joriy yil 14–24-may kunlari Buxarest shahrida o‘tkazilgan nufuzli “Superbet Chess Classic Romania 2024” turnirida munosib o‘rinni egallaganini qayd etdi.

Shuningdek, u mamlakatimiz badiiy gimnastika terma jamoasining 2024-yil 26–28-iyun kunlari Ruminiyaning Kluj-Napoka shahrida bo‘lib o‘tgan “World Challenge Cup” jahon kubogi bosqichidagi muvaffaqiyatli ishtirokini hamda O‘zbekiston qizlar terma jamoasining 29-iyul – 9-avgust kunlari Ruminiyada o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi gandbol bo‘yicha jahon chempionatida qatnashganini e’tirof etdi.
O‘.Alimov, O‘zA