Ruminiya elchisi JIDU talabalari bilan uchrashdi
Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Madaniy va jamoat diplomatiyasi mavzusida ma’ruza qilib, talabalar bilan suhbatlashdi, ularning savollariga javob berdi.
Ushbu tadbir 19 fevral – rumin haykaltaroshi Konstantin Brankuzi tavallud kuniga bag‘ishlandi. Bu ijodkor XX asrning ko‘zga ko‘ringan modernistlaridan biridir.

2015 yil mamlakat parlamenti 19 fevralni “Brankuzi kuni” sifatida e’lon qilgan va mehnat bayrami sifatida nishonlashni belgilagan.
Turli sohalar, jumladan madaniyat yo‘nalishida O‘zbekiston – Ruminiya hamkorligi jadal rivojlanayotganini ta’kidlarkan, diplomat rumin haykaltaroshi ijodi haqida batafsil ma’lumot berib, uning “Cheksiz ustun”, “Sukut stoli”, “Fazodagi qush” kabi mashhur asarlarini yodga oldi. Shu bilan birga bugungi kunda jamoat diplomatiyasida ham innovatsion yondashuv muhimligini qayd etdi.

Darvoqe, Elchi Daniel Kristian Chobanu mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xorijlik diplomatlar orasida Vatanimiz uchun muhim sanalarni o‘ziga xos tarzda nishonlashga odatlangani bilan ajralib turadi. Masalan, u 2021 yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan 3309 metrlik Buyuk Chimyon cho‘qqisiga ko‘tarilib, xalqimizga qisqa video-tabrik yo‘llagan. 2022 yil Istiqlol kuni arafasida Qashqadaryo viloyatidagi balandligi 4083 metr bo‘lgan Hazrat Sulton cho‘qqisiga ko‘tarildi. E’tiborlisi, bu gal janob Chobanu bayram tabrigi aks etgan video lavhada o‘zbekcha gapirdi. Ruminiya diplomatiyasining 161 yilligini esda qolarli nishonlash uchun esa taniqli diplomat havo sharida Samsarak – Parkent yo‘nalishi bo‘ylab 900 metr balandlikkacha ko‘tarilgan va roppa-rosa 1 soat davom etgan parvozni ham amalga oshirdi.
JIDU jamoasi bilan uchrashuv doirasida “Buyuk Konstantin Brankuzi ijodi” nomli fotoko‘rgazma namoyish qilindi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA