Yurtimizda inson qadrini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining alohida qatlamlari — ayollar, yoshlar, keksalar, nogironlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda eng muhtoj oilalarni xolisona baholash va ro‘yxatini shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini hisobga olish va manzilli qo‘llab-quvvatlashning yangi milliy modeli joriy etildi. Davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatishni raqamlashtirish imkonini beruvchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, 2024 yil 1 apreldan boshlab kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi bo‘yicha barcha hududda o‘rganish ishlarini olib bormoqda. O‘rganishlardan kelib chiqib, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da hisobga olingan 2 million 100 ming oilani qayta inventarizatsiyadan o‘tkazish va real holatni aniqlash ko‘zda tutilgan.
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi o‘rganishlar partiya ma’sullari, deputatlar hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida muhokama qilinmoqda. Yaqinda tashkil etilgan ana shunday muhokamalarda sohada bir qator kamchilik va xatoliklar borligi aytildi. Ijtimoiy himoyaga oid turli savollarga javob berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VlWpnqMx_tU" title="Ruhiy kasalligi boʻlgan fuqaroga alohida uy beriladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Xususan, tadbir ishtirokchilaridan biri oilaning ruhiy kasalligi bo‘lgan a’zosi uchun alohida uy beriladimi, buning tartiblari qanday, degan savolni o‘rtaga tashladi. Bunga javoban ruhiy kasal fuqarolarning o‘ziga alohida uy berilmasligi, bu mumkin emasligi aytildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Ammo uning shaffofligini ta’minlash, haqiqiy ehtiyojmand aholi vakillariga ko‘maklashish maqsadida muhtoj oilalarni xolisona baholash va ro‘yxatini shakllantirish lozim bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
Iskandar Ismatov (video), O‘zA