«Roza Xutor» Olimpiya tog‘ kurortiga press-tur
O‘zbekistonning «Amirsoy», Qozog‘istoning «Shimbuloq» va Rossiyaning «Roza Xutor» tog‘li dam olish maskanlarini birlashtirgan Yevroosiyo tog‘ kurortlari Alyansi tomonidan jurnalistlar uchun «Roza Xutor» Olimpiya tog‘li dam olish maskaniga press-tur tashkil etildi.
Press-tur dasturidan tog‘ kurortlari Alyansi rahbariyati bilan suhbatlar, turli tadbirlar va tashabbuslar bilan tanishish, toq cho‘qqisiga chiqish, Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tgan joylarga ekskursiya, Rossiya xalqaro olimpiya universiteti ekspertlari bilan uchrashish va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘rin olgan.

Joriy yilning 8 iyunida Rossiyaning «Roza Xutor», Qozog‘istoning «Shimbuloq» va O‘zbekistonning «Amirsoy» tog‘li dam olish maskanlari rahbarlari hamkorligida Yevroosiyo tog‘ -kurortlari Alyansini tuzish ishlari boshlangan edi. Bu borada MDH mamlakatlari hukumat rahbarlarining uchrashuvi doirasida tashkil etilgan “Yevroosiyo - umumiy uyimiz” ko‘rgazmasida tegishli memorandum imzolandi. Unda «Roza Xutor» dam olish maskani bosh direktori Aleksandr Belokobilskiy so‘zga chiqib, Alyansning bosh maqsadi hamkorlik qilish, ma’lumot va ilg‘or tajriba almashish, birgalikda xodimlarning kasbiy malakasini oshirish hamda a’zo mamlakatlarning tabiiy-madaniy merosini asrab-avaylash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish asosida tog‘-kurortlarini izchil rivojlantirishdan iborat, deya ta’kidlagan edi. Shuningdek, Yevroosiy makonida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Joriy yil 16 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘lida turizm” ko‘rgazmasida Ozarbayjonning «Shoxdog‘» kurortining Alyansga qo‘shilishi to‘g‘risida memorandum imzolandi. Shu munosabat bilan press-tur doirasida Alyansning yangi a’zosi bilan teleko‘prik o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Qozog‘istonda tog‘li hududlar 10 foiz, O‘zbekistonda 21 foiz, Rossiya Federatsiyasida 53 foiz, Ozarbayjonda 65 foiz maydonni egallaydi. Bularning barchasi tog‘ turizmini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratadi va bunda ayniqsa xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Dam olish maskanlari bir-biridan juda farq qiladi, ularning har biri o‘ziga xos jihatlari bilan sayyohlarni jalb qiladi. Shunga ko‘ra, press-tur davomida Alyansning joriy yilgi qish mavsumida amalga oshirish rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar haqida ma’lumot beriladi hamda ularning barchasi uchun belgilangan sport, kalendar va ko‘ngilochar tadbirlarning yagona taqvimi taqdim etiladi.

14 dekabrga qadar davom etadigan press-turda ishtirokchilar shuningdek, 2024 yilning mart oyida «Roza Xutor» dam olish maskanida bo‘lib o‘tadigan Tog‘-kurortlari festivaliga tayyorgarlik ishlari, Alyansga a’zo mamlakatlar dam olish maskanlarining davlatlararo sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, yagona internet-manbani yaratish hamda tog‘li dam olish maskanlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha korporativ universitet tashkil qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishadi.
Alpomish Mashrabxonov, O‘zA.
Rossiya, Sochi shahri