Rossiyaning “Deti-babochki” xayriya jamg‘armasi ta’sischisi va raisi Alyona Kuratova Toshkentga keldi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda «Kapalak bolalar» loyihasini amalga oshirish boshlangan edi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad - nasliy jihatdan bedavo bo‘lgan noyob teri kasalligi - bullyoz epidermoliz kasalligidan aziyat chekayotgan kattalar va bolalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, Alyona Kuratova “Deti-babochki” xayriya jamg‘armasini rivojlantirishga to‘qqiz yil umrini baxsh etdi. Hozirgi kunda u o‘zining boy tajribasini «Kapalak bolalar» NNT mutaxassislari bilan o‘rtoqlashmoqda.
– Biz, yosh jamoa sifatida, ikki yildan buyon rossiyalik hamkasblarimizning boy tajribasini o‘zlashtirishga harakat qilmoqdamiz. Biz yurtimizdagi tibbiyot muassasalari rahbarlari, sheriklar bilan birga uchrashuvlar o‘tkazamiz, vasiyligimizga olgan bemorlar oldiga tashrif buyuramiz, – deydi «Kapalak bolalar» NNT raisi Gulnoza G‘ofurova.
Rossiyalik shifokorlar ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar bo‘lgan oilalarga borib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi va kerakli maslahatlar berishdi.
Bundan tashqari, «Kapalak bolalar» NNT vasiyligidagi yassi hujayrali teri saratoni bilan kasallangan bemor – 34 yoshli Norbek Shonazarov Toshkentda muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.Ilgari «Kapalak bolalar» NNT vasiylarini chuqur diagnostikadan o‘tkazish va davolash uchun Moskva va Sankt-Peterburgga yuborar edi. Hozirgi kunda pandemiya tufayli buni amalga oshirish qiyin bo‘lib qoldi. Rossiyalik mutaxassislarning O‘zbekiistonga tashrifi bu muammoni hal qilish imkonini berdi.
Operatsiya uchun Rossiyaning onkolog shifokori, N.Petrov nomidagi Onkologik milliy tadqiqot markazi jarrohi Grigoriy Zinovev va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi professori Jamil Po‘latovni taklif qilishga qaror qilindi.Operatsiya davomida Rossiya FVVning A.Nikiforov nomidagi Butunrossiya shoshilinch va radiatsiya tibbiy markazi shifokorlari – anesteziolog-reanimatolog Vyacheslav Kornev va plastik jarroh Aleksandr Pleshkov Toshkentdagi tibbiyot xodimlari bilan onlayn rejimida aloqada bo‘lib turishdi.
"Kapalak bolalar" NNT matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, operatsiyadan so‘ng Norbek Shonazarovning ahvoli ancha yaxshilandi. Ayni paytda u onkologiya markazi shifokorlari qaramog‘ida hamda «Kapalak bolalar» NNTning davolovchi dermatologi va xodimi nazorati ostida.
Alyona Kuratova, shuningdek, Toshkentdagi nasliy dermatozlarni davolash bo‘limining qurilish jarayoni bilan ham tanishdi. Ushbu bo‘lim butun Markaziy Osiyo bo‘yicha mazkur yo‘nalishdagi yagona tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Qurilish ishlari 2021 yil bahorda yakunlanishi rejalashtirilgan.