Rossiyadan noqonuniy olib kelingan dori vositalari fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati va xqo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kontrafakt dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi.
Xususan, poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi 1963 y.t. fuqaro hamda uning ikki nafar farzandi tomonidan dori vositalari saqlab kelinayotgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 3 ta xonadon ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzillarda “Buserelin”, “Volini”, “Bikana”, “Tirzetta” va boshqa shu kabi jami 29 turdagi 1330 quti kontrafakt dori vositalari borligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning taxminiy summasi 600 mln so‘mni tashkil etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur oila a’zolari dori vositalarini Rossiya Federatsiyasidan yo‘lovchilar ko‘magida kichik partiyalarda temir yo‘l va havo transporti orqali olib kelib, Toshkent shahrida sotish bilan shug‘ullanishgan.
Hozirda aniqlangan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvlari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA