19 noyabr kuni Moskvadagi Kreml davlat saroyida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu muhim voqea Rossiya xalqiga O‘zbekistonning boy madaniy merosi, uning ko‘p asrlik an’analari va zamonaviy yutuqlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etadi. Dastur doirasida tomoshabinlar O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari ijrosidagi o‘zbek, rus va jahon klassik asarlaridan bahramand bo‘ladi.
Dasturdan O‘zbekiston qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva, xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Sevara Nazarxon, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, shuningdek, iste’dodli yosh ijrochilar Shirin Mamatova va Sabina Mustayeva kabi O‘zbekistonning eng mashhur san’at arboblari ishtirokidagi konsert dasturi o‘rin olgan.
Konsertda tomoshabinlar e’tiboriga xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi Davlat simfonik orkestri va Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” raqs ansambli chiqishlari ham havola etiladi.
Ikki soatga mo‘ljallangan konsert dasturi o‘zbek xalq qo‘shiqlari, raqslari va jahon opera san’ati durdonalarini o‘z ichiga oladi. Har bir sahna ko‘rinishi chuqur hissiyotlarni baxsh etuvchi samimiylik va vatanparvarlik, an’analar ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Ushbu konsert tomoshabinlarga o‘zbek san’atining betakrorligi va go‘zalligini his qilish, uning jahon madaniyatida tutgan o‘rni va ahamiyatini baholash imkonini beradi.
Tadbir doirasida shuningdek O‘zbekiston tarixi, madaniyati, an’analari va turmush tarzini aks ettiruvchi fotoko‘rgazma ham bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada mamlakatdagi muhim voqealar, me’moriy yodgorliklar va o‘zgarishlarni aks ettiruvchi 80 dan ortiq noyob suratlar namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning yangilanish va modernizatsiyaga bo‘lgan intilishini namoyon etuvchi madaniy va ijtimoiy sohalardagi yutuqlar bilan tanishishi mumkin.
Tadbirda Rossiya va O‘zbekistonning yuqori martabali shaxslari, madaniy va ishbilarmon elita vakillari, diplomatlar va san’at arboblarining ishtiroki kutilmoqda. Rossiyada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari yurtimiz madaniy merosining xilma-xilligi va ahamiyatini, uning yangi imkoniyatlarga ochiqligi va o‘zaro hurmat asosidagi madaniy muloqotga intilishini namoyish etuvchi do‘stlik va hamjihatlik ramzi bo‘ladi.
O‘zA