Oziq-ovqat va turli maishiy mahsulotlarning sifat darajasi bevosita inson salomatligi hamda kundalik hayot farovonligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, mamlakatimizda ichki bozorga chiqarilayotgan mahsulotlarning standartlarga mosligi doimiy nazoratga olinmoqda.
Xususan, texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi buyrug‘i asosida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi savdo do‘konida Rossiyada ishlab chiqarilgan “Persil COLOR GEL DEEP CLEAN” savdo belgisi ostidagi gel-konsentrat mahsuloti yuzasidan nazorat xaridi o‘tkazilgan.
Laboratoriya tahlillari natijasida esa xarid qilingan mahsulotning belgilangan talab va me’yorlarga to‘liq javob bermasligi aniqlangan.
Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu mahsulot inson terisida qizarish xavfini tug‘dirishi, shuningdek, avtomat kir yuvish mashinalarining ishlashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi o‘z rasmiy kanali orqali iste’molchilarni ogohlantirib, sifatsiz mahsulotga duch kelganda 1880 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish kerakligini eslatdi.
Qayd etish lozim, bu kabi nazorat tadbirlari aholining iste’molchi sifatida qonun bilan belgilangan huquqlarini himoya qilish, bozorda faqat sifatli va xavfsiz mahsulotlar savdosini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA