Rossiya – Ukraina: Urush yangi bosqichga chiqyaptimi?
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali suhbatlashganda Amerika tomoniga “Rossiya Qurolli Kuchlari Kiyevdagi Ukraina Qurolli Kuchlari ixtiyoridagi nishonlarga tizimli zarba berilishi” haqida ma’lumot berdi.
Bunga javoban Rubio Vashington Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatni davom ettirishiga urg‘u berdi.
– Men unga hozir Ukraina bilan muzokara olib borilmayotgani va rejalashtirilmagani, biroq Qo‘shma Shtatlar har doim ayni masalada konstruktiv rol o‘ynash, imkoniyat tug‘ilsa, yordam ko‘rsatishga tayyorligimizni aytdim, – dedi u. Shuningdek, urush tugatilishi kerakligi, AQSH urushni to‘xtatish uchun bor imkoniyatni ishga solishga tayyorligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi, Fransiya va Polsha elchixonalari Rossiya TIVning Kiyevga hujum qilish tahdidini qoraladi.
YeIning Ukrainadagi elchisi Katerina Maternova ijtimoiy tarmoqda, jumladan, shunday yozdi:
– Rossiya yana diplomatlar va chet elliklarga tahdid solmoqda, bizdan Kiyevni tark etish talab qilinmoqda. Biz hech qayerga ketmaymiz!
Fransiyaning Ukrainadagi elchixonasi “Moskvaning Ukrainadagi qaror qabul qilish markazlari va xorijiy elchixonalarga qarshi tahdidi nomaqbul va Rossiyaning xalqaro majburiyatlariga zid”igini ta’kidladi. Bu idoralar odatdagidek ishlashda davom etadi, deyilgan bayonotda.

Polsha elchixonasi ham Ukrainada faoliyatini davom ettirishi, “ig‘voga berilmasligi”ni ma’lum qildi.
Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnov Flash taxallusi ostida telemarafon payti Rossiya tahdidiga javoban, “og‘ir javob” berilishini ma’lum qildi:
– Biz simmetrik tarzda, juda og‘riqli javob beramiz. Allaqachon Moskva va poytaxt viloyatiga hujum qila olishimizni namoyish qildik. Agar ruslar bizning poytaxtni, korxonalarimiz, qaror qabul qilish markazlarimizni terror qilishga urinsa, shunga mos ravishda javob qaytaramiz. Ko‘proq ruhiy ta’sir omili sifatida foydalanilayotgan “Shahid” droni Kiyev uchun jiddiy tahdid emas. Yaqinda ballistik raketa jiddiy zarar keltirdi, chunki Ukrainada hujumni to‘xtatish bilan bog‘liq muammo mavjud. Qolaversa, RF o‘tgan hafta oxirida “har kuni yoki har oy” ko‘p miqdorda ballistik raketa bilan zarba bera olmasligi ko‘rindi.
Kiyevdagi muhim nishonlarga zarba berilishi haqidagi xabardan keyin Rossiya fond bozori haftasi olti oylik eng past darajaga tushdi. Moskva birjasi indeksi 1,05 foiz pasayib, 2598,2 ko‘rsatkichni qayd etdi va sessiya davomida 2759,8 punktgacha pasaydi. Bu 2025-yil noyabridan beri qayd qilingan eng past ko‘rsatkich.

– Aksiya sotilishi zarba berilishi haqidagi e’londan kelib chiqdi, va shundan so‘ng bozor keskin arzonlashdi, – deydi “FinAM” tahlilchisi Dmitriy Lozovoy.
Yopilish vaqtida Rosneft aksiyasi narxi 2,6 foiz, ya’ni fevral oyidan keyingi eng past ko‘rsatkichga tushdi. Gazprom 0,8 foiz yo‘qotish orqali 2025-yil noyabridan buyon eng past natija qayd etdi.
Yil boshidan beri Moskva birjasi indeksi 6,5 foiz yoki bozor kapitallashuvi nuqtai nazaridan taxminan 5,5 milliard dollar yo‘qotib, urushdan oldingi ko‘rsatkichdan pastroqqa tushdi. Bu esa neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshishiga zamin yaratdi.
Yana bir xabarda ta’kidlanishicha, iyun oyidan boshlab fuqarolik samolyotlariga Moskva havo hududida 5100 metrgacha balandlikda parvoz qilish taqiqlanadi.

Bu haqda Samolyot egalari va uchuvchilar uyushmasi (AOPA) bayonotida e’lon qilindi. Taqiq amalda Rossiyaning deyarli barcha markaziy hududlariga ta’sir qiladi. Chetlatish hududi Belarus chegarasi hamda Sankt-Peterburgdan Yekaterinburg, Samara va Rossiya janubigacha cho‘ziladi.
Bu qoida rejalashtirilgan reyslardan tashqari taqiq biznes samolyoti, vertolyot va kichik samolyotlarga nisbatan qo‘llanadi. AOPA bayonotida faqat rejali va charter, tibbiy yordam va evakuatsiya reyslari, havo kimyoviy ishi, quvur va elektr uzatish tizimini kuzatish hamda hukumat shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladigan reyslarga ruxsat berilishi aytilgan.
S.Rahimov, O‘zA