Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari uchrashdi
Sochida Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari – Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan o‘rtasida muzokara, shuningdek ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Aliyev Putin bilan uchrashuv chog‘ida Moskva va Boku o‘zaro munosabatdagi ijobiy o‘sish sur’atini qayd etib, “Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari hamda Armaniston Bosh vaziri ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv avvalgi xuddi shunday muzokaralar kabi Kavkaz ortidagi vaziyatni yaxshilashga sezilarli turki berishi mumkin”ligini ta’kidladi.
Ozarbayjon yetakchisi “Boku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatni biz taklif etgan beshta asosiy tamoyil asosida me’yoriga keltirish mumkin”, deya fikr bildirdi. Aliyev, shuningdek, Qorabog‘ mojarosi “allaqachon tarixga aylangani”ni aytdi.
“Mojaro ikki yil avval hal bo‘lgan. Shu bois bu mavzuda muhokama qilinadigan, deyarli, hech bir masala yo‘q. Ozarbayjon-Armaniston munosabatini normallashtirish esa, albatta, jiddiy qadamlarni talab etadi”, dedi Aliyev.
Joriy yil mart oyida Boku Yerevanga muammoni bartaraf etish bo‘yicha davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, bir-biri chegaralari daxlsizligi va siyosiy mustaqilligini o‘zaro tan olish, bir-biriga nisbatan hududiy da’vo yo‘qligini tasdiqlash va kelgusida bunday da’volarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini olish, kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan voz kechish kabi besh asosiy tamoyilni o‘z ichiga olgan takliflar taqdim etgan edi.