O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida neft-gaz va energetika sohasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, “LUKOYL”, “IKS Xolding”, “Zarubejneft”, “FORUS” AJ, “Tatneft” va boshqa Rossiyaning nufuzli kompaniyalari bunday manfaatli munosabatlarda faol qatnashmoqda.
bugungi kunda ushbu yo‘nalishda oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash maqsadida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi va “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahar filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ikki davlatning hamkorlikda amalga oshirilgan ishlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi va “LUKOYL” kompaniyasi o‘rtasida 2007 yilda “Janubi-G‘arbiy Hisor va O‘zbekiston Respublikasining Ustyurt hududlaridagi konlar uchun mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim” imzolangan. Unga ko‘ra, “LUKOYL”ning “Hisor” loyihasi Qashqadaryo viloyatidagi 7 ta konni o‘z ichiga olib, 300 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, ikkita podstansiya, 126 kilometr kirish yo‘llari bunyod etilgan.
2017 yilda “Gumbuloq” va “Odamtosh” konlarida asosiy ishlab chiqarish va texnologik ob’ektlar hamda “Odamtosh” gazni tozalash majmuasi (GTM) ishga tushirildi va 1,8 milliard kub metr quvvatiga ega “Odamtosh” kuchaytirgich kompressor stansiyasi (KKS) qurilishi yakunlandi. 2018 yilda gaz qazib olishning loyihaviy quvvati yiliga 5 milliard kubga yetkazildi.
Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash zavodi mamlakatimizda ilk bor jalb etilgan investitsiya loyihasi asosida qurilgan yirik korxona hisoblanadi. 2018 yilning 19 aprel kuni ushbu zavodning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi. Umumiy qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan zavod qurilishi O‘zbekiston Respublikasidagi eng yirik “LUKOYL” neft kompaniyasi loyihasidir.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi ushbu yirik inshoot yiliga 8,1 milliard metr kub gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ellik gektardan ziyod maydonda bunyod etilgan, zamonaviy muhandislik va yuqori texnologik infratuzilmaga ega noyob majmua hisoblanib, quvvati 4,05 milliard metr kub bo‘lgan 2 ta texnologik liniya mavjud. Mazkur majmuada gaz, barqaror gaz kondensati va oltingugurt ishlab chiqarilmoqda.
bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya davlatlari neft-gaz va energetika sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Joriy yilning 3 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov rossiyalik hamkasbi Nikolay Shulginov bilan energetika sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgani fikrimiz dalilidir.
Mazkur uchrashuvda tomonlar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, Rossiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi energetik loyihalarda joriy ishtiroki va istiqbollarini tahlil qildi. Rossiya energetika vaziri Nikolay Shulginov mazkur uchrashuvda ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tom ma’noda Rossiyaning energetika sohasidagi uzoq muddatli hamkoridir. Mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama yaqin va barqaror aloqalar rivojlangan.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida “O‘ztransgaz” AJ va "Gazprombank" o‘rtasida 300 million dollarlik qisqa muddatli bridj-moliyalashtirish yuzasidan kelishuv imzolangan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston yoshlarining neft-gaz va energetika sohasida puxta bilim olishida Rossiyadagi nufuzli oliygohlarning mamlakatimizda ochilgan filiallari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida 2019-2020 o‘quv yilida ushbu filial o‘z ishini boshlagan edi.
Filial bakalavr va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan. Filial respublikaning sanoat tarmoqlaridagi muhim ilmiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga mos tayyorlaydi.
Shu bilan birga, bu yerda nanomateriallar kimyoviy texnologiyasi, materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash, materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi va sanoat ishlab chiqarishining boshqa sohalarida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Joriy yilning 27 may kuni esa D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Respublikamizdagi yana bir nufuzli oliygohlardan biri – “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqotlari yadro universitetining Toshkent filialidir. Mazkur oliy o‘quv dargohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi “Toshkent shahrida «MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti» federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi asosida tashkil etilgan. bugungi kunda bu yerda 200 nafarga yaqin talaba to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olmoqda.
2019 yilda Toshkentda “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqotlari yadro universitetining ilk xorijiy filiali ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Rossiyaning “IKS Xolding” ko‘p tarmoqli AT-guruhi hamkorligi bilan energetika sanoatini raqamlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi ham ko‘zda tutilmoqda.
– O‘zbekistonni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri bu mamlakat iqtisodiy barqarorligi bo‘lib, bu ko‘p jihatdan energetika sohasining rivojlanishiga bog‘liq, – dedi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.
– Rossiyaning “IKS Xolding” kompaniyasi ko‘magi bilan energetika sanoatini raqamlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar sanoatni raqamli o‘zgartirish jarayonining boshlanishi hisoblanadi. Bu iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni jadallashtiradi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimiz neft-gaz va energetika sohalarini rivojlantirishda O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik va hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi tizimni zamon talabi darajasida takomillashtirish bilan bir qatorda, o‘zbek xalqining turmush tarzini yaxshilash va farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri