Rossiya frontdagi yo‘qotish sabab 600 000 kishilik yangi safarbarlikka tayyorlanmoqda.
Ukraina razvedka xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Bosh shtabi frontdagi beqiyos yo‘qotish o‘rnini qoplash maqsadida yaqin yillar ichida yangi safarbarlik bosqichini amalga oshirmoqchi. Ushbu reja doirasida 2026-2027-yillari mos ravishda 300 000 nafardan, jami 600 000 kishi harbiy xizmatga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Kiyev tomoni baholashicha, joriy yil yanvar-iyul oylari oralig‘ida RF armiyasi taxminan 240 000 harbiy xizmatchini yo‘qotgan. Kamida 140 000 kishi qaytarib bo‘lmas yo‘qotishga uchragan, ya’ni halok bo‘lgan. Ko‘rsatilgan davrda shartnoma asosida harbiy xizmatga atigi 232 000 odam qabul qilingan.
Ukraina razvedka idoralari bayonotida ta’kidlanishicha, Rossiya Bosh shtabi 2026-2027-yillari qo‘shimcha 600 000 kishini armiya safiga safarbar etish yo‘lini ishlab chiqqan. Zaxiradan chaqiriladigan bu kuch, avvalo Ukrainada bevosita jangovar harakat olib borayotgan bo‘linmalarni to‘ldirish hamda yangidan tashkil etilayotgan RF qo‘shini tarkibini shakllantirish uchun yo‘naltiriladi.
Ukraina razvedkasi vakillari bildirishicha, Moskva siyosiy rahbariyati bunday keng ko‘lamli safarbarlik to‘lqinini urushdagi tashabbus qo‘ldan boy berilayotgani, front chizig‘ida shaxsiy tarkib yo‘qotishi izchil ortib borayotgani hamda hujum sur’ati sezilarli darajada pasayganiga majburiy javob chorasi sifatida ko‘rmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA