1 iyunga o‘tar kechasi Rossiya strategik aviatsiyasi aerodromlari – “Olenya” (Murmansk viloyati), “Belaya” (Irkutsk), “Ivanovo” va “Dyagilevo” (Ryazan) aviabazalariga keng ko‘lamli dron hujumi uyushtirildi. “VVS News” Ukraina xizmati manbasi ma’lum qilishicha, bu Ukraina Xavfsizlik kuchlari (UXK)ning “Pautina” deb nomlangan maxsus amaliyoti bo‘lib, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, RFga 2 milliard dollar atrofida zarar yetkazgan.
– Ayni dam UXK RF ichkarisidagi samolyotlarni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus rejani amalga oshirmoqda, – deyilgan xabarda. – Biz shaharlarimizni har kecha bombardimon qilayotgan samolyotlarni nishonga olganmiz. Ayni payt 40 dan ziyod, jumladan A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 uchoqlari zarbaga uchragani ma’lum.
Rossiya OAV yozishicha, Ukraina dronlari Rossiya aerodromlari yaqinida turgan yuk mashinalaridan to‘da-to‘da bo‘lib havoga ko‘tarilgan va samolyotlarga hujum qilgan.
“Belaya” aviabazasi Sibirda, Ukraina bilan chegaradan deyarli 4500 kilometr, “Olenya” aerodromi esa 1700 km masofada joylashgan.
UXK bu hujumga bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida tayyorlandi, deb yozgan “RBK-Ukraina”.
Ta’kidlanishicha, UXK dastlab fpv-dronlari, izidan ko‘chma yog‘och uylarni jo‘natgan. O‘zi uchar qurilmalar RF hududida yuk mashinalariga ortilgan uylar ichiga yashirilgan. Vaqti kelganda tomlar masofadan turib ochilgan, dronlar esa bombardimonchi samolyotlar tomon yo‘naltirilgan.
Hodisani Rossiya Mudofaa vazirligi ham tasdiqlab, besh hududni sanab o‘tdi:
– Kiyev FPV dronlari yordamida Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi aerodromlarga qarshi terakt amalga oshirdi. Ivanovo, Ryazan va Amurda barcha hujumlar qaytarildi. Murmansk va Irkutskda bir necha samolyot yonib ketdi. Masofadan boshqariladigan uchoqlar bevosita ushbu aerodromlarga yaqin joylashgan hududdan uchirilgan. Yong‘inlar o‘chirilgan. Harbiy xizmatchilar va fuqarolar orasida qurbonlar yo‘q. Teraktning ayrim ishtirokchilari qo‘lga olindi.
Shu kuni Bryansk va Kursk viloyatlari temir yo‘l tizimida ham portlashlar kuzatildi. Biz bu hodisalarni terakt sifatida baholaymiz, dedi Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Petrenko.
Bryanskda temir yo‘l o‘tgan ko‘prik qulab, poyezd relsdan chiqib ketgan. Natijada 7 kishi halok bo‘ldi, 69 kishi jarohatlandi. Ma’lumotga ko‘ra, poyezdda 400 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Viloyat gubernatori Bogos fojiaga portlash sabab ekanini tasdiqladi.
– Kurskda ham yuk poyezdi halokatida haydovchi jabrlandi, biroq bu ikki voqea o‘rtasidagi aloqa hali aniqlanmadi, – deyilgan “Reuters” va “RIA Novosti” agentliklari tarqatgan xabarlarda.
S.Rahimov,O‘zA