Rompharm NS kompaniyasi vakillari talabalar bilan uchrashdi
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Shaxsan davlatimiz rahbari mazkur tashabbusning bayroqdori ekani ham yoshlarga bo‘lgan e’tiborning nechog‘li ekanidan dalolat.
Ana shunday tashabbuslardan biri haftaning har payshanbasi respublikamiz bo‘ylab yoshlar kuni etib belgilanganidir. Bunda yoshlar o‘z tashabbuslariga ko‘mak va muammolariga yechim oladi.

Shu maqsadda, Toshkent davlat texnika universitetida Rompharm NS kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida kompaniya faoliyati, zamonaviy ish sharoitlari, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha suhbat tashkil etilib, nomzodlarning bilim va amaliy ko‘nikmalari baholandi.
Qayd etish kerakki, mazkur uchrashuv ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ekologiya sohasida malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Yakunda oliygoh va kompaniya o‘rtasida muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Bu orqali talabalarning amaliy bilimlarini ham mustahkamlashga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov, O‘zA