Buxoro viloyatining Romitan tumanida investitsiyalar, sanoat va savdo yo‘nalishida 2023-yilda katta yutuqlarga erishildi. Tumanda o‘tgan yili qariyb 1 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, 1000 dan ortiq ishchi o‘rni yaratildi.
O‘tgan yili Romitanda tashkil qilingan “WBM Romiteks” MCHJ ham hudud iqtisodiy ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga hissa qo‘shmoqda. Ip-kalava, jinsi mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zida mujassam etgan loyihaning umumiy qiymati 208.5 million yevroni tashkil qiladi. Dastlabki bosqichda Ip -kalava liniyasi faoliyati evaziga 82 million yevrolik zamonaviy uskunalar olib kelindi va ulkan zavod bunyod etildi. Muhimi, ushbu jamiyatda dunyoning eng oxirgi texnologiyalari o‘rnatilganidan tashqari, katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar ham jalb qilindi.
–Bu yerga kelganimizga uch yil bo‘ldi, –deydi turkiyalik texnolog Ibrahim Basaksiz. –Shu oraliqda hamkorlarimiz bilan eng so‘nggi texnologiyalarni keltirib o‘rnatdik. O‘tgan yildan boshlab birinchi bosqichni amalga oshirib, ishga kirishdik. Jamiyatga Turkiya va Germaniyaning eng oxirgi ip-kalava ishlab chiqarish uskunalari olib kelindi. Bugun ularning barchasini mahalliy mutaxassislar boshqarmoqda va jahon bozori uchun sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Misol uchun, dunyoda yuqori sifatga ega bo‘lgan 10 xil turdagi iplar mavjud. Biz hozircha shundan 8 tasini ushbu jamiyatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu korxonada biz hamkorlar uchun ham juda qulay sharoitlar yaratilgan. Hozir yana yangi texnologiyalarni keltirib o‘rnatish ustida ish olib bormoqdamiz. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, ushbu jamiyatda faoliyat olib borayotganimdan juda mamnunman.
Shu o‘rinda yana bir misol. Romitandagi ushbu korxona Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda esa beshinchi o‘rinni egallaydi. Jamiyat bir yilda 78,600 tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu bilan 25 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda 126.5 million yevrolik yangi texnologiyalar olib kelinadi. Bu bilan korxonada tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlar qamrab olinadi. Ya’ni xorijning eng so‘nggi rusumdagi jinsi mato, matoni bo‘yash, kiyim-kechak dastgohlari o‘rnatiladi.
– Oxirgi texnologiyalarni chet eldan keltirib o‘rnatdik, –deydi korxona ishchisi Shamshod Karimov. –Bu uskunamiz avtomatik tarzda korxonadan chiqadigan tayyor mahsulotning sifatini yanada oshirish uchun, shuningdek, qo‘l mehnatini kamaytirishga xizmat qiladi. Bizga hindistonlik mutaxassislar ishlash sir asrorlarini o‘rgatayapti.

–Hindistonning tekstil sanoati yetakchilaridan sanalgan “Elektro Jet” kompaniyasi ham O‘zbekistondagi ushbu korxona bilan hamkorlik qilayotganidan juda xursand, –deydi hindistonlik muhandis Mohan Raja Gopal. –Sababi, ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi kelishuvlar natijasida biz yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldik. Yana bir e’tiborli jihati, yaqinda yangi liniyani ishga tushirdik. Ip-kalavani parafin yordamida pishirib, uni yanada sifatli qiladigan ushbu uskunamiz to‘liq avtomatlashtirilgan tizim asosida ishlaydi. Robotlar mahsulotni saralaydi, uni qadoqlashgacha bo‘lgan jarayonlarni amalga oshiradi. Inson omili kamaygani bois, kalavalar shikastlanishining oldi olinadi. Albatta bu ham yurtingiz tekstil sanoatida yana bir yangilik, desam mubolag‘a emas.
Tez orada korxonaning ishlab chiqarish hajmi 700 milliard so‘mga yetkaziladi. Shundan 53.5 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilinadi. E’tiborli tomoni mahalliylashtirish dasturi asosida 29.5 million dollarlik kiyim- kechaklar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar sirasiga kiradi. Yana bir raqam. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushishi hisobidan 3000 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Qolaversa, 84 milliard so‘mlik byudjetga tushumlar tushishiga erishiladi. Bu raqamlar ortidan, albatta, avvalo aholining, hudud yoshlari va xotin-qizlarining manfaatdorligi oshishi, oilalariga daromad qirishiga zamin yaratiladi.
–O‘tgan yilning aprel oyidan buyon korxonada ishlayman, –deydi korxona ishchisi Iroda Hayotova. –Men singari hududimizdagi ishsiz xotin-qizlar shu korxonada mehnat qilib, oilasiga daromad olib kelayapti. Korxonamizda biz ishchi- xodimlar uchun barcha sharoit mavjud. jumladan, ishchi- xodimlarga kiyim bosh, 3 mahal issiq ovqat beriladi. Oyliklarimiz vaqtida berilmoqda. Hududimizda shunaqa katta korxona ochilganidan xursandmiz.
Sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani sababli xorij bozorlari bu korxonaga katta qiziqish bildirishmoqda. Ayniqsa, Xitoy va Rossiya bozorlari uchun jamiyat qisqa fursat ichida eng ishonchli hamkorga aylanib ulgurdi.
–Bizning kompaniyamiz nimaga aynan Romitandagi ushbu jamiyatni tanladi, –deydi Xitoyning “TIANJIN” kompaniyasi menejeri Dmitriy Shin. –Avvalo aytishim kerak, Xitoydagi tekstil sanoatida yetakchilardan sanalgan “TIANJIN” uchun sifat birinchi galdagi vazifa sanaladi. Shu bois, bu yo‘nalishdagi korxonalar faoliyatini tahlil qilib, shu jamiyatga to‘xtaldik. Hozircha biz ming tonna mahsulot bo‘yicha shartnoma imzolaganmiz. Yuqori sifatli paxtadan, yuqori texnologiyalar asosida tayyorlangan xomashyo bizning talablarimizni to‘liq qondiradi. Kelgusida bundanda kattaroq kelishuvlarga erishishni reja qilyapmiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “WBM Romiteks” MCHJda tashkil qilingan laboratoriya ham dunyoda analogi bo‘lmagan loyihalardan biri sanaladi. Shu sabab ham hozir eng zo‘r brendlar bilan bellasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
–Korxonamiz ochilganidan buyon laboratoriyada ishlab kelayapman, –deydi laboratoriya bosh mutaxassisi Mohigul Berdiyeva. –Laboratoriyamiz eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan. Laboratoriyada paxta sifatini tekshiramiz.
Romitan tumanida 2023-yilda jami 20,8 million dollarlik, shundan 13,5 million dollarlik sanoat mahsulotlari xorijga eksport qilindi. 2024-yilda esa 21,9 million dollarlik mahsulot eksport qilish prognozlari belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, “WBM Romiteks” MCHJ birgina yanvar oyida 10 million dollarlik mahsulotini xorijlik hamkorlariga yetkazib berdi.
–Dastlabki yilda 850 nafar ishchi- xodimni ishga qabul qildik, –deydi “WBM Romiteks” MCHJ direktori Umidjon Turdiyev. –Ayni kunda 200 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Qo‘shimcha dastgohlar olib kelinayapti. Yilning oxirigacha yana 1500 ta ish o‘rni yaratamiz. Mahsulotlarimiz eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, Xitoy, Kanada, Rossiya, Turkiya davlatlari bilan 10 million dollarga yaqin eksport shartnomalari imzolanib, mahsulotlar yuborildi.
Hozir tumanda maqsadlar yanada kattaroq olingan. Ta’kidlanishicha, 2024-yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan umumiy qiymati 465,9 milliard so‘mlik 59 ta loyiha ro‘yxatlari shakllantirilgan. Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda 500 taga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari