Rizq roʻzimiz moʻl boʻlsin
Asaka tumani dehqonlari don qabul qilish shoxobchalariga 16 ming 513 tonna gʻalla topshirdi.
Asaka tumani dehqonlari don qabul qilish shoxobchalariga 16 ming 513 tonna gʻalla topshirdi.
Joriy yilda tumandagi 268 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 4 ming 160 gektar maydonda gʻalla yetishtirildi. Ob-havoning qulay kelganligi, zarur agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilganligi, eng asosiysi, mirishkor dehqonlarning samarali mehnatlari bilan gʻalladan moʻl hosil olindi.
– Bu yil tumanimizda 15 ming 592 tonna gʻalla, 800 tonna urugʻlik don yetishtirish rejalashtirilgan edi, – deydi Asaka tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Bahodirjon Ikromov. – Bugungi kunga qadar xoʻjaliklarimiz tomonidan davlat omborlariga 16 ming 513 tonna don topshirilib, belgilangan reja 100,7 foizga bajarildi. Har gektardan oʻrtacha hosildorlik 43 sentnerni tashkil etdi.
Erishilgan muvaffaqiyatga tumandagi “Asakalik Obid yeri”, “Ming oʻrik Azizi”, “Doʻrmon ziynati”, “Asaka zamin imkoni”, “Sharq agro pahlavoni” singari fermer xoʻjaliklari munosib hissa qoʻshdi.

