Rivojlanish va farovonlik yo‘li
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli barcha jabhalarda tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, xalqimizning dunyoqarashi, ongu tafakkuri yuksalmoqda. Jamiyatimizda yangicha qadriyat va an’analar shakllanmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish tashabbusini amalga oshirishdagi yana bir dadil qadami hisoblangan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuksak darajadagi forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashdan iborat. Xususan, ikki mintaqaning transport va tranzit salohiyatini amaliyotga joriy etish, istiqbolli bozorlarga chiqish, eksportni kengaytirish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surish ko‘zlangan. E’tiborlisi, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikning yo‘lga qo‘yilishi ushbu mintaqalarda innovatsion muhit yaratish, yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo-sotiq va sarmoyalar salohiyatini ochish, barqaror taraqqiyot va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan.
Davlatimiz tashqi siyosatida ochiqlik, jadalligi bilan ajralib turuvchi izchil, aniq, o‘zaro teng va manfaatli hamkorlikka asoslangan chora-tadbirlar ustuvordir. Shuningdek, mintaqada tinchlik, xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlash orqali, davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli ichki rivojlanishi, islohotlarni amalga oshirish, aholi turmush farovonligi oshishini ta’minlash, hayot sifatini ko‘tarish uchun qulay tashqi sharoitni yaratish asosiy maqsad hisoblanadi.
O‘zbekiston o‘zining ochiq tashqi siyosatida nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki qo‘shni mintaqalar bilan yaqinlashishni maqsad qilib qo‘ygan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida “Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani” haqidagi bayonoti bu yo‘nalishda ilgari ko‘rilmagan faol sa’y-harakatlarning tasdig‘i sifatida namoyon bo‘ldi. Yillar davomida hal etishni, mintaqadagi vaziyatni yaxshilashni talab etuvchi dolzarb vazifalarni hal etish uzoq kutilgan voqelik edi.
Bu jihatdan Janubiy Osiyo yo‘nalishi, ayniqsa, ahamiyatli. Zotan, mazkur mintaqa boy ichki salohiyati, xalqaro siyosiy maydonda o‘ziga xos o‘rni hamda jahon bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega. Oxirgi vaqtda Pokiston Islom Respublikasi bilan ikki tomonlama aloqalar sezilarli ravishda jonlangani fikrimizga yaqqol misol.
Dengiz portlariga chiqish hamda bu bo‘yicha qulay transport koridorlarini yaratish O‘zbekiston uchun strategik vazifadir. 2021 yilning fevral oyida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan Pokiston portlariga olib chiquvchi “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi mintaqalarimizning iqtisodiy rivojlanishini tubdan o‘zgartirishi shubhasiz. Endilikda Pokiston bilan aloqalarni mustahkamlash asnosida mamlakatimiz yana bir yirik transport-logistika loyihasi – Peshavorga olib boruvchi transafg‘on temir yo‘li qurilishiga bosh qo‘shmoqda.
Yaqin-yaqingacha Afg‘oniston va Pokistonga faqat tahdid manbai sifatida qaralardi. Ulardan imkon qadar uzoqlashish, barcha darajadagi aloqalarni formal tusda olib borish tendensiyasi mavjud edi. Biroq 2016 yilda O‘zbekiston bu masalaga yondashuvini keskin o‘zgartirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tarixda birinchi marotaba qo‘shni Afg‘onistonni imkoniyatlar mamlakati, deya e’tirof eta boshladik. Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy manfaatlariga javob beradigan transafg‘on transport yo‘lagi qurilishi mamlakatimizning dunyo bilan savdo-sotiq qilishi, milliy mahsulotlarning hamyonbopligini ta’minlashi, eksport salohiyatimizni oshirib, iqtisodiy taraqqiyot sari ildamlashimizga yordam berishi bilan birga, qo‘shni Afg‘onistonga ham katta foyda keltiradi.
Shuningdek, Afg‘onistonning xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar tizimiga qo‘shilishidan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari manfaatdordir.
Dilbarxon Mamajonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.