Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida hunarmandlar orziqib kutgan damlar yetib keldi. Bugun bu yerda Xalqaro kulollar forumi tashkil etildi. Uning ishida 26 ta davlatdan kelgan yuzdan ziyod kulollar ishtirok etishmoqda.
Dastlab Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al Kaddumi viloyat hokimi hamrohligida hunarmandchilik ashyolari qo‘yilgan pavilonlar bilan tanishdilar, turli mamlakatlar hunarmandlari bilan suhbatlashdi.
So‘ngra Forumning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov so‘zga chiqib, jahon hunarmandlar kengashiga minnatdorchilik izhor etdi. Zero bugungacha Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari jahon hunarmandlar shahri deb e’tirof etilgan edi. Endi ular qatoriga Rishton qo‘shildi.
Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al Kaddumiy Rishtonni hunarmandlar shahri deb e’lon qildi va bu haqidagi tegishli hujjatni topshirdi.
Rishtonning qizil tuprog‘i oltinga teng, - dedi Saad al Kaddumi. – bu e’tirof yo‘lning oxiri emas, aksincha, boshlanishidir.
Bugun rishton Xalqaro kulollar markazida alvon tasma kesilib “An’anaviy kulolchilik muzeyi ” ochildi. Unga Rishtonda faoliyat ko‘rsatayotgan ustoz kulollarning asarlaridan namunalar qo‘yilgan edi.
Shu yerda “O‘zbekiston badiiy kulolchiligi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur kitobda yurtimiz kulolchilik maktablarining asrlar davomida shakllangan an’analari, o‘ziga xos uslublari va hunarmandlarning badiiy merosi xaqida batafsil ma’lumotlar jamlangan.
Shuningdek ”An’anaviy kulolchilikni saqlash va rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Anjumanda Polsha, Pokiston, Hindiston, Turkiya va O‘zbekistondan 17 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda. Konferensiya doirasida kulolchilikning tarixiy va badiiy ahamiyati, muzeylarda saqlanayotgan namunalarni asrab-avaylash, zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish masalalari muxokama etildi. Shuningdek, sohadagi ilmiy hamkorlik, tajriba almashish va turizm salohiyatini oshirish yo‘llarini ham ko‘rib chiqildi.
- Bunday kulolchilik dunyoda yo‘q. Chunki u moviy keramika. Ishqordan bajariladi. Ekologik tozalikka to‘liq javob beradi, - deydi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Akbar Xakimov. – Ikkinchidan, bu ustalarning maxorati bilan bog‘liq. Mavzular, kompozitsion uslub, shaklga, mavzuga boy. Bunaqasi nafaqat Markaziy Osiyo, dunyoda yo‘q.
Forum ishtirokchilari an’anaviy va zamonaviy kulolchilik san’ati bilan tanishib, tajriba almashdi, xamkorlik aloqalarini mustahkamladi va yangi ijodiy loyihalarni ishlab chiqdilar. Forum doirasida ko‘rgazmalar, master-klasslar va tematik muloqotlar orqali milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va ularni zamonaviy san’at va biznes muhitiga integratsiya qilishga e’tibor qaratilgan.
- Bahrayn kichik bir orolda joylashgan. Lekin hunarmandchilik, ayniqsa kulolchilik rivojlangan. Mamlakatimizda to‘rt ming kulol bor. Biz asosan arxeologik topilmalar natijalarini qayta tiklashga, bundan 2-3 ming yil avval yasalgan sopol idish, jihozlarni qayta ishlab chiqaryapmiz. Forumga ana shunday tarixan qadimiy ammo shu zamon sopolini olib keldim, - deydi Bahraynlik usta Abdulnabi Abduraxim Nosir al Ali.
[gallery-25387]
Forum doirasida mahalliy va xorijiy kulollar mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi. Ko‘rgazmada Rishton kulollarining ming yillik tarixga ega an’anaviy asarlari hamda zamonaviy ijodkorlarning yangi namunalari namoyish etilsa, xorijiy ustalarning kolleksiyalari orqali kulolchilikning turli maktablari taqdim etildi. Shu bilan birga, xalq sayllari uyushtirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/W-gDWnBpgo8?si=l8nH739nz1V8HrRo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muxammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video), O‘zA