Rishton to‘qimachilik markazlaridan biriga aylanmoqda (+video)
Prezident qarori amalda
Rishton deganda ko‘zni qamashtiruvchi kamalakrang kulolchilik buyumlarini eslaysiz. Darhaqiqat, Rishton dunyo kulolchilik san’ati markazlaridan biri.

Lekin Rishton boshqa sohalarda ham nom qozonmoqda. Bugun bu yerda yirik sanoat korxonalari ishlab turibdi. Kun sayin yangilari qatorga qo‘shilyapti. Bunda bir jihatdan Prezidentning klaster tizimiga asos solgani muhim ahamiyat kasb etdi.
2018 yil. Mamalakatda paxtachilik klasteriga endigina qadam qo‘yilayotgan payt. Ana o‘shanda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida “Ruso‘zbekteks” paxtachilik klasteriga asos solindi. O‘shanda xosildorlik juda kam – 25 sentner edi. O‘tgan to‘rt yil klasterning afzalligini ko‘rsatdi. 2022 yilda o‘rtacha xosildorlik 36 sentnerdan oshdi. Shu klasterning o‘zi 21 ming tonnadan ortiq paxta hom-ashyosini yetishtirdi va undan 7 ming tonna tola ishlab chiqardi. Uning teng yarmi klasterga tegishli korxonada qayta ishlandi.

Hozirgacha “Ruso‘zbekteks” klasteri korxonasida yiliga 3 ming 600 tonna paxta tolasidan eshimi nozik yuqori sifatli ip yigirilyapti. Unga yurtimizda ham, chet elda ham xaridor bisyor. Rishtonda yigirilgan iplar neyro ko‘rsatkichi, ya’ni quvvati yuqori ekani bilan ajralib turadi. Shuning uchun Yevropa mamlakatlariga sochiq to‘qib eksport qiluvchi korxonalar aynan Rishton ipini sotib olmoqda.

Klaster rahbariyati Prezidentning paxta tolasidan faqat tayyor maxsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmon va qarorlarini mamnuniyat bilan kutib oldi. Tuman hududidagi qishloq xo‘jaligiga yaroqsiz 3,5 gektar yer maydonini auksion savdolarida sotib olib bu yerda yangi ishlab chiqarish korxonasi qurdilar. Loyiha qiymati 30 mln yevro bo‘lib, uning 22 millioni bank krediti, qolgan 8 mln yevro muassisning investitsiyasi edi. Shu kunlarda qurilish ishlari birin ketin yakunlanib, sexlar faoliyatini boshlamoqda.
–Bir kunda 10 tonna tayyor maxsulot – sochiq ishlab chiqariladi, – deydi “Ruso‘zekteks” korxonasi direktori Dilshod Hamdamov. – Hozirgi kunda bo‘yoq sexi dastgohlarini yig‘ish boshlangan. Undan so‘ng tikuv sexi ishga solinadi. Dastgoxlar to‘liq yetib kelgan. Montaj ishlari davom etyapti. Sentyabr oyida uchta sex ishga tushadi.

“Yevropa texnologiyasi – Yevropa me’yorlaridagi maxsulot”. Bu “Ruso‘zbekteks” klasterining bosh shiori. Shuning uchun ham to‘quv, bo‘yoq, tikuv sexlariga faqat Yevropaning eng ilg‘or texnoligiyasi joriy etilmoqda. Italiya, Fransiya, Germaniya dastgohlari o‘rnatilyapti, korxonaga. To‘quv sehida esa eksport buyurtmalarini ado etishga kirishdilar.
–Qishloqlardagi uyda o‘tirgan ayollarni ishga oldik. Ikki oyda to‘quvchilikni o‘rganib olishdi, – deydi usta Madina Jo‘rayeva. –Har biriga to‘quv stanogi berdik. Moxirlik bilan boshqarishyapti. Endi ularga ham shogirdlar biriktirganmiz.
To‘g‘ri, O‘zbekistonda sochiq ishlab chiqarish korxonalari ilgari ham ishga tushirilgan. Ammo Rishtonda eng nafis va eng mayin maxsulot to‘qilyapti. Sababi – yuqorida aytganimizdek, yigiruvdan chiqqan ipning nozikligida.
Ayni kunlarda bo‘yoq va tikuv sexlarida uskunalarni sozlash ishlari avjida. Maqsad korxona to‘liq tizimini shu yil sentyabrida ishga tushirishdir.
–Hozirgi kunda to‘quv sexida 500 nafar ishchi o‘rni yaratilgan. Bo‘yoq va tikuv sexini ishga tushirganimizdan so‘ng yana 600 nafar ishchi olamiz va 1100 nafarga yetadi, – deydi Dilshod Hamdamov. – Maxsulotlar to‘liq eksportga yo‘naltirilgan. O‘zimiz yetishtirgan paxtani yigirib, to‘qib, bo‘yab tayyor maxsulot xolatida yuz foiz eskport qilamiz.
Loyihaning ikkinchi bosqichida yana bir ip yigiruv korxonasi quriladi. Shunda klaster yetishtirgan paxtadan olingan 7 ming tonna tolaning barchasi uning o‘zida ip qilib yigiriladi va provardida to‘quv, bo‘yoq sexlaridan o‘tib tayyor maxsulot xolatida eksport qilinadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/JM36ZKJm6xU" title="Rishton to‘qimachilik markazlaridan biriga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov.