Energetika vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ hamda Farg‘ona viloyati hokimligining qo‘shma qarori bilan “Rishton shahar aylanma” quvurining II tarmog‘i qurilishi boshlandi.
Ma’lumki, “Rishton shahar aylanma” magistral gaz quvuri Farg‘ona viloyati aholisi hamda ulgurji iste’molchilariga tabiiy gazni yetkazib beradigan yagona tarmoq hisoblanadi. Diametri 1050 mm bo‘lgan quvurlar tarmog‘ining uzunligi 39 kilometrni tashkil etadi.


– 2010 yilda qurib bitkazilgan magistral gaz quvurida ta’mirlash ishlari yoki favqulodda holatlar yuz bergan taqdirda viloyatni bir maromda tabiiy gaz bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelishi mumkin edi. Ushbu ehtimolga barham berish maqsadida Energetika vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ hamda Farg‘ona viloyati hokimligining qo‘shma qarori bilan ushbu tarmoqqa parallel II tarmoqni qurish ishlari boshlandi. Hozirgi kunda diametri 720 mm quvurlar yetkazib berilib, quruvchi tashkilotlar tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda ulanish joylarini aniqlash, muhofaza maydonida joylashgan ob’ektlarni xavfsiz joyga ko‘chirish, magistral yo‘llar bilan kesishgan joylardan quvurni olib o‘tish masalalari hal qilinyapti. “Rishton shahar aylanma” quvurining II tarmog‘i qurib bitkazilgach, Farg‘ona viloyatiga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish barqarorlashuvi bilan birga yoz mavsumida “Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshooti”ga tabiiy gaz zaxiralarini to‘plashda qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi, – dedi"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati bosh mutaxassisi Farida Tojiboyeva.


Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA