Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Rishton tumani 12-14 may kunlari an’anaviy turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va kulollar sayliga mezbonlik qiladi
Farg‘ona viloyati milliy hunarmandchilikning mashhur brendlari bilan dovruq qozongan. Marg‘ilonning kamalakdek tovlanuvchi atlas va adraslari, Rishtonning betakror kulolchilik mahsulotlari, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablari ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Ta’kidlash kerak, viloyatga kelgan xorijlik sayyoh yoki mehmon, albatta, Rishton tumaniga tashrif buyuradi. Chunki bu yerning usta hunarmandlari tomonidan tayyorlanayotgan kulolchilik mahsulotlari har qanday kishini maftun etadi. Rishton – Buyuk Ipak yo‘lida tashkil topgan qadimiy shaharlardan biri. Qadim zamonlardan Markaziy Osiyodagi yirik sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Binobarin,shahar nomi ham kulollar tuprog‘i hisoblangan qizil gilga aloqador: qadimgi so‘g‘d tilidagi “Rash” (“Rush”, “Rushi”) – “qizil yer” so‘zidan olingan.
O‘rta asrlarda bir tomondan Xitoy va Hindiston, boshqa tomondan Eron va Yaqin Sharq karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Rishton tez sur’atlarda rivojlanib, Buyuk Ipak yo‘lidagi asosiy to‘xtash joyi hamda savdo-sotiqning asosiy markaziga aylangan. Shaharda Dahbed, Chinnigaron, Ko‘zagaron, Kulolon kabi kulolchilik mahallalari joylashgan. Rishtonda o‘rta asrlarda yo‘qolib ketgan ganch – chinni ishlab chiqarish texnikasini XVIII asrda qayta tiklagan aka-uka Abdu Jalol (“Usta Abdujalol”, “Usta Jalil”) va Abdujamil (“Usta Abdujamil”, “Usta Kuri”) o‘z ishlarining buyuk ustalari hisoblangan. Kulollar chinni ishlab chiqarish usulini Koshg‘ar va Eron davlatlaridan olib kelgan. Ularning shogirdi – chinni bo‘yicha yetuk mutaxassis Abdulla Kulol (1797-1872) rishtonlik barcha kulollar uchun usta-oqsoqol hisoblanadi. XIX asr boshlarida Rishtonning kulolchilik mahsulotlariga nafaqat Farg‘ona vodiysida, balki butun Markaziy Osiyoda talab yuqori bo‘lgan. Shaharda 300 dan ortiq kishi ishlaydigan 100 ga yaqin kulol ustaxonalari vujudga kelgan. Shu davrda Qo‘qon xonligi va Sharqiy Turkiston hunarmandlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgan.
XIX asrning 70-yillarida usta Abdulla kulol boshchiligidagi Rishton hunarmandlari Qo‘qondagi Said Muhammad Xudoyorxonning saroyi – O‘rdani bezash ishlarida faol qatnashgan. Ularning chinnipazlik va koshinpazlik san’ati Qo‘qon hukmdori tomonidan yuqori baholangan. 1918 yili Rishtonda dastlabki kulolchilik arteli tashkil qilindi. 1927 yilda bu artelga “Yangi hayot” nomi berildi. 1960 yilda artel Rishton sopol ishlab chiqarish zavodi tarkibiga kiritildi. Qariyb 800 yillik tarixga ega kulolchilik an’analarining bebaho meros sifatida ohori to‘kilmay bugungi kunga yetib kelishida Rishtonning asl usta kulollari mehnati beqiyos. Rishton buyumlari, miniatyuralari san’at shaydolari orasida katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulolchilik namunalariga o‘xshamaydigan bu san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish qilinishi va e’tirofga sazovor bo‘lishi Rishton kulollarining iste’dodidan dalolat beradi.
Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Buxoro, Samarqand, Xorazm kabi shaharlardagi do‘konlarda savdoga qo‘yilgan Rishton kulolchilik buyumlari va miniatyuralari chet ellik sayyohlar qiziqishiga sabab bo‘lmoqda, bu san’at namunalariga bo‘lgan talab kundan-kun oshmoqda. Shuning uchun ham Rishtondagi qaysi bir kulolning ustaxonasida bo‘lmang, barchasi qo‘li qo‘liga tegmay ishlayotganini ko‘rasiz. So‘nggi yillarda Rishton kulolchilik maktabi yanada rivojlandi. Usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Rustamjon Usmonov, Alisher Nazirov, Sharofiddin Yusupov, Tohirjon Haydarov, Ravshan Tojiddinov, Shokir Ahmadjonov, Saidjon Ahmedov, Bunyod Yunusov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar barchani hayratga solib kelmoqda.
Rishtonlik Rustam Usmonov – kulollar sulolasining munosib davomchisi. U rishtonlik ustalar ichida professional san’at ta’limini olgan yagona ustadir. R.Usmonov 1980 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. Rishtonning eng yaxshi ustalari Hakimjon Sattorov va Ibrohim Komilovdan hunar sirlarini o‘rgangan. U naqsh chizish san’atini mukammal egallagan, sir berishning turli texnologiyalarini juda yaxshi biladi, qadimgi ustalar merosini, arxeologik ekspeditsiyalar materiallarini tadqiq etib, yo‘qolib ketgan naqshlarni qayta tiklash bilan shug‘ullanadi. Uning ijodida xalq an’analari va yuqori darajadagi professionalizm uyg‘unlashib ketgan. Usta nozik did egasi – u yasagan buyumlar nafisligi va mumtoz shakldagi tugallangan kompozitsiyasi bilan ajralib turadi.
Rustam Usmonov buyumlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etilgan va ko‘plab muzeylarda saqlanadi. Alisher Nazirov ham mashhur kulollardan biri. 12 yoshidan ushbu sermashaqqat kulolchilik hunarini o‘rganishni boshlagan, barcha bosqichlarni bosib o‘tgan. Ko‘plab yaxshi boshlanmalar uning nomi bilan bog‘liq. Rishton kulolchilik zavodida bosh rassom bo‘lib ishlagan, Yaponiyada malaka oshirib, xorijiy ko‘rgazmalarda ishtirok etgan, “Tashabbus” tanlovida hunarmandchilik yo‘nalishida ilk g‘oliblardan bo‘lgan. Usta yaratgan lagan, shokosa, ko‘zacha, xum, mevadon, qanddon kabi sopol buyumlardagi uslub va ranglar jozibasini ko‘rib, uning o‘z kasbining mohir ustasi ekaniga amin bo‘lasiz. U 1998 yili Rishtonda yosh kulol-ustalar tayyorlash maktabini ochdi va hozirgi kungacha mahoratli kulollar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
– Kulolchilik – mo‘’jizaviy, ilohiy mashg‘ulot. Axir, odamzod tuproqdan yaratilgan va yana tuproqqa qaytadi. Shogird bo‘lib yurgan kezlarim loyni qo‘lga olsam, ustozim “Qani, avval loyga salom bering” derdi, tuproq-loyga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, halol-poklikda ish boshlashni talab qilardi, – deydi Alisher Nazirov. – Bir muddat rivojlanishdan to‘xtab qolayozgan Rishton kulolchiligi Prezidentimiz e’tibori bilan yana gullab-yashnay boshladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan shahrimizda bunyod etilgan Xalqaro hunarmandlar markazi ustalarimiz g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. Kulolchilikdagi milliy an’analarni saqlab qolgan holda, yanada boyitib, kelajak avlodga yetkazish esa bizning burchimiz.
Alisher Nazirov har doim ish ustida – hech qachon yangi texnologiyalarni o‘rganishdan to‘xtamaydi, doimo o‘z ustida ishlab keladi. Uning asarlari O‘zbekiston, Rossiya, Yaponiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va ko‘plab Yevropa, Osiyo va Amerika muzeylarini bezab turibdi. “Ko‘pchilik kulolchilik deganda, uy-ro‘zg‘or buyumlari, idish-tovoqni tushunadi, lekin bu xato. Kulolchilik – individual ijodiy faoliyat, san’at asari yaratish”, deydi u.
Kulolchilik maktabining yetuk vakillaridan biri Tohirjon Haydarovning amaliy san’at sohasidagi ishlari, ayniqsa, tahsinga sazovor. U oddiy igna bilan turli tasvirlarni chizib, o‘ymakorlik uslubida ijod qiladi. Ming yillar davomida Rishton kulollik maktabi tarixida an’anaviy chizma uslublaridan foydalanilgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida bu yo‘nalishga Tohir Haydarov tomonidan bir necha noan’anaviy usullar, naqshlar va tasvirlar bilan ishlov berish uslubi olib kirildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni kulol-rassom sifatida yaxshi bilishadi. Kulol-rassom poytaxtimiz va viloyatlarimizda tashkil etilgan ko‘plab ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Uning mehnati qadrlanib, mamlakatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Rishtonda kulolchilikning rivojlanishiga yana bir muhim sabab bu yerda mahalliy tuproqdan kulolchilik loyi tayyorlanishidir. Bu tuproqdan deyarli barcha turdagi kulolchilik mahsulotlari tayyorlash imkoni bor.
Rishtonlik kulollar mahalliy loyni shu qadar yaxshiligini uni birlamchi qayta ishlovsiz foydalanish mumkinligi bilan izohlaydilar. Chinni kulolchilik mahsulotlari uchun rishtonliklar Farg‘ona vodiysining har burchagidan loylarni tashib kelishadi. Boshqa zarur mahsulotlarni esa vodiyning boshqa hududlaridan keltirishadi. bugungi kunda Rishton tumanida 20 nafardan ortiq katta ustalar hamda ularning 7 mingga yaqin shogirdlari faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri 30-50 oilani ish bilan ta’minlaydi – mahalliy aholi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib badiiy kulolchilik mahsulotlarini uylarida bo‘yash bilan shug‘ullanadi. Bu orqali katta sarmoyasiz, mahalliy kulollarning noyob an’analari va mahoratlari asosida aholi ish o‘rni va barqaror daromad bilan ta’minlanmoqda. Ana shunday mohir kulollardan biri – “R plyus koron” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, usta-kulol Ravshanjon Tojiddinov.
Chorak asr muqaddam oddiy idish-tovoqlar tayyorlashga mo‘ljallangan korxona bugun yirik kulolchilik markaziga aylandi. Bu bejiz emas. Boisi, Ravshanjon – kulollar sulolasining munosib davomchilaridan. Uning bobosi, dadasi ham usta bo‘lib, hunar ortidan oila tebratgan, halol mehnati bilan elda qadr topgan. Yosh Ravshanjon bugun bobomeros hunarga o‘ziga xos jilo, sayqal berib, uning maftunkorligi, jozibadorligini oshirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Dastlab, 4-5 kulol ish boshlagan korxonada bugun 70 nafardan ortiq mahalliy yoshlar doimiy mehnat bilan band, 500 ga yaqin kasanachilar esa uyidan chiqmay, buyurtma asosida turli yumushlarni bajarmoqda.
Korxonaning o‘zida tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan, turfa rang va shakldagi sopol buyumlar kishini hayratga soladi. Oddiy loydan shunday san’at asarlari yaratilishiga tahsinlar aytasan beixtiyor.
– Kasbim kulol, loy va tuproq bilan ishlayman, deyish bugun biz uchun faxrga aylangan. Sermashaqqat, lekin natijasi huzurbaxsh kasbim orqasidan dunyoning ko‘p joylarini ko‘rdim, taniqli kishilar e’tirofiga sazovor bo‘ldim, – deydi usta kulol. – Hozirgi paytda har qanday mahsulotni sotish, xaridorga yetkazib berishda yangiliklar yaratish, o‘ziga xos marketing bilan shug‘ullanish talab etiladi. Shu bois, yaqin yillarda kulolchilik mahsulotlarini qadoqlash tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish taraddudidamiz.
Korxona rahbarining aytishicha, o‘tgan yili o‘ndan ortiq xorijiy davlatlarga 500 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan. “Prezidentimiz va hukumatimizning aynan kulolchilikni rivojlantirishga oid qarorlari kuchimizga kuch qo‘shyapti. Yurtimizdagi tinchlik-farovonlik bardavom bo‘laversin”, deydi u. bugungi kunda tumandagi kulolchilik klasteri haqida gap ketsa, usta-kulol Shokirjon Ahmadjonov nomi albatta tilga olinadi. 2021 yilda faoliyat boshlagan “Ahmadjonov Shokirjon Nosirjon o‘g‘li” kulolchilik korxonasida 50 ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan, shuningdek, uch ming nafar aholi kasanachilik bilan band. O‘tgan yili “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan mukofotlanganlar orasidan Shokirjon Ahmadjonov ham bor edi, u “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Korxonada har yili xorijga 3-4 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Rishtonning qizil tuprog‘iga aloqador tarzda rivoj topib borayotgan kulolchilik, tandirchilik va boshqa hunar turlari, oddiy loydan mo‘’jiza yaratayotgan usta-hunarmandlar dunyoga “O‘zbekiston”, xususan, “Farg‘ona” hamda “Rishton” nomlarini faxr va mehr ila yoymoqdalar.
[gallery-11780]
Ayni kunlarda turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va kulollar sayliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Viloyat hokimligi, Respublika "Hunarmand" uyushmasi va Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur tadbir Rishton kulolchiligini targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega. Yaxshisi, forumga kelib, bu jarayonni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.
Ma’sudjon Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA