O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni 28 may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni davlatimiz rahbari kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahridagi Registon maydonida bo‘ldi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, dunyoga mashhur Registon maydoni buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini aks ettiruvchi mamlakatimizning asosiy tashrif qog‘ozidir. Majmuadagi Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari o‘zining ulug‘vorligi, boy tarixi va betakror me’morchiligi bilan yurtimiz mehmonlarida chuqur taassurot qoldirmoqda.
Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq shaharsozligi durdonasining qurilish tarixi, me’moriy yechimlari va bezaklarining o‘ziga xos jihatlari, ushbu maskan bilan bog‘liq muhim voqealar va shaxslar, shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.

So‘ngra davlat rahbarlari "Silk Road Samarkand" xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldilar. Xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tomosha qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.


Dunyo tarixchilari, sharqshunoslar tilida shunday gap bor: G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand. Bu bilan ikki mintaqa sivilizatsiyasida ushbu ikki qadimiy shahar qanchalik muhim rol o‘ynagani e’tirof etiladi. Haligacha O‘zbekiston va Italiya tarixchilari, arxeologlari Samarqand va Rim misolida davlatlar o‘rtasidagi aloqalar o‘tmishi bilan qiziqadi, bu borada tadqiqotlar olib boriladi. Jumladan, bir necha yildan buyon O‘zbekiston va italiyalik arxeologlar Samarqand shahri yaqinidagi Kofirqal’a arxeologik yodgorligini o‘rganmoqda.
Ilk o‘rta asrlarga oid mazkur obida Samarqand hukmdorlarining shahar tashqarisidagi qarorgohi bo‘lgan. Bu yerdan V-VIII asrlarga oid kumush tangalar, muhr va boshqa ashyolar topilgan.

2023 yilda yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella mazkur qo‘shma ekspeditsiya faoliyati bilan tanishib, ular ishiga muvaffaqiyat tilagan edi.
Bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalari Italiya universitetlari bilan ham faol hamkorlik qilmoqda. Buning natijasida oxirgi 2 yilda 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz Italiya oliy o‘quv yurtlarida stajirovka o‘tadi. Hozir mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida 700 nafardan ortiq talaba italyan tilini o‘rganmoqda. Bugungi kunga kelib, ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari 50 dan ortiq o‘zaro kelishuvlar asosida hamkorlik qilmoqda.
Yaqinda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ikki davlatdagi o‘ttizga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etib, hamkorlikning kelgusi istiqbollarini muhokama qildi. Oliy ta’lim muassasalari, vazirlik va idoralar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Darvoqe, bir necha ming yillik tarixga ega Rim dunyoning qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgani bois madaniy va siyosiy muloqotlarda “Barcha yo‘llar Rimga eltadi” degan ibora paydo bo‘lgan. Bugun bu ta’rifni yer yuzining sayqali, Sharq va G‘arbni bog‘lagan qadimiy kentga nisbatan qo‘llab, barcha yo‘llar Samarqandga boshlaydi, deb aytsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 29 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Samarqand shahridagi oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston– Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Innovatsion hamkorlik va gumanitar almashinuv loyihalarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ladi.
Yakunda ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV, O‘zA maxsus muxbirlari