Rieltorlik sohasida qonunbuzarliklar qayd etildi
Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyat prokuraturasi bo‘lim boshliqlari M.Hamroyeva hamda X.Musurmonov joriy yil boshidan buyon mazkur qonunlar ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan prokuror nazorati tadbirlari va o‘rganishlar natijalari haqida ma’lumot berdi.

– “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga, malaka sertifikatiga hamda o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisiga ega bo‘lgan shaxslar rieltor sifatida ko‘chmas mulk ob’ektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish jarayonida vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi belgilangan, – dedi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Musurmonov. – Biroq, viloyatda rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 500 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning atigi 38 nafari tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Eng achinarlisi, rieltorlik sohasida faoliyat olib borayotgan shaxslarning 8 nafari(1,6 foizi)gina malaka sertifikati hamda sug‘urta polisiga ega, xolos. Qonun bilan rieltorga rieltorlik faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalaridan biriga a’zo bo‘lish majburiyati yuklatilgan. Biroq viloyatda bor-yo‘g‘i 6 nafar rieltorlar professional jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lgani aniqlandi.
Rieltorlar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari ham qo‘pol ravishda buzilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turar va noturar ob’ektlarini reklama qilishda narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish, boshqa tillarda reklama qilish holatlari avj olgan. Xususan, o‘rganishlarda 150 nafar rieltorlar tomonidan narxlar xorijiy valyutada ko‘rsatib kelinganligi, 24 nafar rieltor reklamalarni davlat tilida emas, boshqa xorijiy tillarda e’lon qilib kelganligi kuzatildi.

Ko‘p hollarda rieltorlar tomonidan ko‘chmas mulk, shuningdek, ob’ektda taqiq, garov, nizo yoki boshqa huquqiy cheklovlar mavjudligi, uning mulkdorlari haqidagi ma’lumotlar to‘liq o‘rganilmasdan bitimlar tuzilishi oqibatida qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Misol uchun, rieltor “Q.K.B” vositachiligida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra asl maydoni 0,40 gektar bo‘lgan, ulushli, ya’ni meros huquqi mavjud yer maydoni, oldi-sotdi shartnomasida 0,70 gektar etib ko‘rsatilib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 0,30 gektar yer maydoni ham qo‘shib olingan holda fuqaro “O.M.X” tomonidan “S.I.D” MCHJga sotilgan. Bu kabi qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
X.Musurmonovning qayd etishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq jarayonlarda rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqadigan vakolatli organlar nazarda tutilmagan. Shu bois, rieltorlar asosan reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talabini buzganligi asosi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilmoqda, yagona reyestrga kirmasdan, malaka sertifikatisiz yoki boshqa rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan holda ishlayotgan dallollar hech qanday moneliksiz vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelishmoqda.
Xususan, 2022-2025-yillar davomida viloyatda rieltorlar vositachiligida qiymati 303,5 milliard so‘mlik 2553 ta noturar ob’ekt sotilgan. Biroq realizatsiya qilingan ushbu ob’ektlardan umuman soliqlar hisoblanmagan. Malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan, jismoniy shaxs shaklidagi 450 nafardan ortiq “dallollar” hamda 9 ta yuridik shaxs shaklidagi rieltorlik tashkilotlari joriy yilda o‘z daromadidan bir so‘m ham soliq to‘lmagan.
Yuridik shaxs shaklidagi 29 ta rieltorlik tashkiloti tomonidan 2025-2026-yillar davomida jami 5 milliard 249 million so‘mlik tovar aylanmasi mavjudligi haqida soliq hisoboti berilib, shundan 632 million so‘m soliq to‘langan. Vaholanki, birgina “S.D.R.S” MCHJ vositachiligida 2025-2026-yillar davomida qiymati 164 milliard so‘mlik 864 ta noturar ob’ekt oldi-sotdi qilinishi natijasida 4 milliard 923 million so‘m tovar aylanmasi shakllanib, 185,2 million so‘mlik soliqlar to‘lanmasdan qolgan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 185 ta jismoniy va yuridik shaxs o‘quv markazlarida o‘qitilgan, 167 nafariga rieltorlik gildiyasining sertifikatlari olib berilgan, tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan. Shuningdek, 156 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 6 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va rieltorlik sohasi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbirlari