Reyd: hech kim qonundan qocha olmaydi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda IIB Yo‘l harakati xavfsizligi Namangan viloyati boshqarmalari hamkorligida Namangan shahri va tumanlarining markaziy ko‘chalarida yo‘l qoidasini buzgan, ammo belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamagan haydovchilarni aniqlashga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, shu yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, Byuroning shahar va tumanlar bo‘limlari ish yurituvida yo‘l qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni o‘z vaqtida ixtiyoriy to‘lamagan qarzdorlarga nisbatan qo‘llanilgan 10 ming 50 ta hujjat mavjud. Mazkur toifadagi hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida kunlik targ‘ibot va tushuntirishlar olib borilmoqda. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor haydovchilar belgilangan jarimalarni to‘lamoqda.

Biroq ogohlantirishdan so‘ng ham jarimalarni to‘lamayotgan fuqarolar va ular boshqaruvidagi transport vositalariga nisbatan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– Namangan shahrining markaziy Islom Karimov ko‘chasida 5 ta guruh tomonidan o‘tkazilgan reyd natijasida jami 138 nafar haydovchi qo‘llanilgan 87 million 600 ming so‘m jarimani o‘z vaqtida to‘lamagani uchun ular boshqaruvidagi transport vositalari vaqtinchalik jarima maydoniga tortildi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi inspektori Alisher Ahmadjanov. – Reyd tadbirlari davom etmoqda. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, jarimalar o‘z vaqtida to‘lanishi kerak.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA