Respublikaning yetakchi jarrohlari Orolbo‘yida
FOTOREPORTAJ
Ayni kunlarda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining bir guruh yetakchi jarrohlari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib turibdi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan e’lon qilingan “Salomatlik kunlari” ijtimoiy aksiyasi doirasida ehtiyojmand bemorlarga jarrohlik amaliyoti ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyat nihoyatda murakkab. Bu esa hududda ko‘plab kasalliklar avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Ammo shunday xastaliklar borki, ularni o‘z vaqtida yuqori texnologik jarrohlik yo‘li bilan davolamasa, bemor hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Ammo, Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga, yetakchi shifokorlar qabuliga mingdan ziyod kilometr masofani bosib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu bois, poytaxtda faoliyat ko‘rsatayotgan eng mohir jarrohlarning o‘zi Orolbo‘yiga, bemorlar huzuriga keldi.
[gallery-5947]
Aksiya doirasida, mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘magida xonadonlarda o‘rganishlar olib borilib, yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj bemorlar ro‘yxati shakllantirildi. Aniqlangan bemorlarning 107 nafarida yurak, 102 nafarida yuz-jag‘ nuqsonlarini bartaraf etish uchun jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, aholining 130 nafari oshqozon-ichak xastaliklaridan aziyat chekayotgan bo‘lsa, 127 nafari endoprotezlash hamda 13 nafari buyrak transplantatsiyasiga muhtoj. Aksariyat bemorlarning davolanish uchun moddiy imkoniyati yo‘q, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatdan imtiyozli yo‘llanma asosida foydalanish uchun navbat kutishi zarur. “Salomatlik kunlari” shu kabi muammolarning oqilona yechimi bo‘ldi.
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining tibbiyot fanlari doktorlari, tibbiyot fanlari nomzodlaridan tashkil topgan malakali mutaxassislar yuz-jag‘ plastik jarrohligi, abdominal xirurgiya, intervension kardiologiya va travmatologiya-ortopediya, qon-tomir jarrohligi, transplantologiya yo‘nalishlari bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasidagi ehtiyojmand bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.
Jarrohlik amaliyotlari Nukus shahridagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi Nukus filiali, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali, Orolbo‘yi aholisi yurak-qon tomir kasalliklarini sog‘lomlashtirish markazi va boshqa muassasalarda o‘tkazilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat),O‘zA