O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida” gi Qonuni qabul qilinganligining 36 yilligi hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Tilshunoslik va lingvodidaktikaning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi va bayram konserti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda taniqli filolog olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyada institutning qoraqalpoq tili kafedrasi professori A.Pirniyazova, o‘zbek tili kafedrasi dotsenti A.Sultonova, ushbu kafedra doktoranti A.Kamolov o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi o‘rni, turkiy tillarni o‘rganish masalalari va tilshunoslikning turli sohalariga oid ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Ta’kidlanganidek, bundan 36 yil muqaddam, ya’ni 1989 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida” gi Qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, respublikamizda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi. Xususan, 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu borada 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga tatbiq etilmoqda.

Konferensiyada ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar tomonidan o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi nufuzini oshirish, mamlakatimizda davlat tili sifatidagi maqomi va qo‘llanilishini yanada takomillashtirish, filologiya yo‘nalishida yangicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir institutning “To‘maris”, “Siy perde” va “Tarannum” ansambllari a’zolari, filologiya fakultetining iqtidorli talabalari, shuningdek, hamkor maktab o‘quvchilari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA