Respublika bosqichiga yo‘llanma
Shu kunlarda IIV tomonidan hamkasblari orasida namuna bo‘layotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Shunday tanlovlardan biri “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” tanlovining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

Uch bosqichdan iborat bo‘lgan ko‘rik-tanlovda shahar-tuman IIBlaridan 16 nafar xodim ishtirok etdi. Birinchi shartda ishtirokchilar belgilangan soniyalar ichida “Kalashnikov” avtomati va “Makarov” pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish amaliyotini bajardi. Ikkinchi bosqichda Ichki ishlar organlari sohaviy xizmati, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish, jangovar va xizmat tayyorgarligi bo‘yicha test savollari qabul qilindi. Uchinchi bosqichda esa xodimlarning sohaviy bilimlari savol javob tarzida o‘tkazildi.

Hakamlarning yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni Toshkent viloyati IIBB EKM katta eksperti mayor Hamid Raximboyev qo‘lga kiritib, ko‘rik tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tanlovda ikkinchi o‘rin Toshkent tumani IIB eksperti katta leytenant Samandar Shodmonov va uchinchi o‘rin O‘rta Chirchiq tumani IIB katta eksperti Asadbek Qambarov nasib etdi.

– Aslida bu kabi tanlovlar malakamizni oshiradi va hamkasblarimiz bilan tajriba almashishga yordam beradi, – deydi tanlov g‘olibi H.Raximboyev. – Navbatdagi tanlov bosqichida ham viloyatimiz sharafini munosib himoya qilishga va bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Tanlov yakunida g‘oliblarga viloyat Bosh boshqarmasi mas’ullari tomonidan diplom va sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
A.Musayev,O‘zA.