Rektorlar mahalliy kengashlarga hisob beradi
Bu ta’lim sifati oshishi — yoshlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.
Bu ta’lim sifati oshishi — yoshlarning ilm-ma’rifatli bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida geologiya-qidiruv sohasini tubdan qayta ko‘rib chiqish masalasi o‘rtaga tashlandi. Bu borada ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bir vaqtlar O‘zbekistonda ancha rivojlangan, raqobatbardosh va boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘lgan ushbu soha oxirgi o‘ttiz yilda e’tibordan chetda qoldi. Yuqori malakali mutaxassislar va mavjud ilmiy salohiyatni saqlab qolish uchun yetarli tashabbuslar, zarur choralar ko‘rilmadi.
Shu bois ham Davlatimiz rahbari 31 yanvar kuni poytaxtimizdagi Olimlar ko‘chasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurib, yangi tashkil etilayotgan Geologiya fanlari universitetining qurilish loyihalari bilan tanishdi va mazkur oliygoh kampusiga tamal toshini qo‘ydi. Prezidentimizning shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan suhbatda geologiya sohasini rivojlantirishga oid qator ko‘rsatmalar berdi.
Shundan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini yuksaltirish, faoliyatini samarali tashkil etish, xususan, geologiya sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik.
Albatta, ilm-fan rivojisiz biror bir mamlakat taraqqiy topmagan. Mamlakat va jamiyatning zamon talablari darajasida rivojlanishini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Zotan, davlat va jamiyat oldida turgan dolzarb va o‘tkir masalalarni ilm-fansiz yechishning imkoni yo‘q. Bu bordagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, istiqbolli ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi muhim qadam bo‘ldi.
Biz mamlakatimiz ilm-fan taraqqiyotini xalqaro maydonda ko‘rsatish uchun 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilg‘or 50 ta mamlakat qatoridan joy olishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, barcha imkoniyatlarimizni va ilmiy salohiyatimizni safarbar etishimiz lozim.
Bunday mas’uliyatli ishlarni amalga oshirishda parlament, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining hamkorligi juda muhim.
Zamon kun sayin o‘zgarmoqda. Mahalliy Kengashlar faoliyatida ham yangi sifat o‘zgarishlariga erishish davri keldi. Shu ma’noda ularning samarali faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida deputatlik nazoratini kuchaytirish diqqat-markazimizda bo‘ladi.
Davr talabidan kelib chiqib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida joylardagi oliy o‘quv yurtlari rektorlarining 2019 yilda amalga oshirgan ishlari hamda 2020 yil uchun vazifalari bo‘yicha hisoblarini eshitish ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda. Tabiiyki, ushbu jarayon tufayli jamoatchilik oliy ta’limdagi islohotlar maromidan, sohadagi muammolardan xabardor bo‘ladi, ayniqsa, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat yuzaga kelishiga xizmat qiladi.
Qo‘mitamiz ayni vaqtda yilimiz nomiga munosib belgilangan ma’rifat masalasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Binobarin, gap jamiyat ma’rifati, ya’ni shaxs tarbiyasi va kamoloti ustida borayotgan ekan, Prezidentimizning bu boradagi yo‘l-yo‘riqlarini bajarishga har birimiz burchlimiz. Qo‘mita doirasidagi sohalarda bu borada amaliy faoliyat qizg‘in va bardavom olib borilishiga harakat qilamiz.
Robaxon MAHMUDOVA,
Oliy Majlis Senatining
Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi