Rektor va yoshlar yetakchilari uchrashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikadagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori Ilhom Sobirov institutga biriktirilgan 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda hamkorlik ishlari va kelgusidagi reja-maqsadlarni amalga oshirish imkoniyati va yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar o‘rganildi. Xususan, institutning salohiyatli professor-o‘qituvchilarini biriktirish orqali yoshlarning bilimini oshirib borish haqida alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan qatorda, mahallada yashovchi uyushmagan yoshlarni ommaviy tadbirlarga keng jalb qilish, turli mavsumiy, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish, o‘quv yurti faoliyati bilan tanishtirish, institut hududida tashkil etiladigan amaliy ishlar belgilandi.
Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqilib, unga taklif va qo‘shimchalar kiritildi. Belgilab olingan takliflar esa tuman hokimligiga tasdiqlash uchun taqdim etilishi reja qilindi.
O‘zA