“Rektor kubogi” olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan iqtidorli talaba-qizlar orasida matematika fanidan “Rektor kubogi” olimpiadasi o‘tkazilgan edi.
Ushbu olimpiadaning asosiy maqsadi talaba-qizlarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli yoshlarni aniqlab, rag‘batlantirishdan iborat. Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda ayol-qizlarning ilm-fan sohasidagi faolligini oshirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va iqtidorli talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, matematika kabi murakkab va muhim fan sohasida bilimlarini namoyon etib, yuqori natijalarga erishgan talaba-qizlarning yutuqlari e’tirof etildi.


Yakunda olimpiada g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu tadbir talaba-qizlarning ilmiy-intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni ilm-fanga ruhlantirish va matematika faniga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA