Reklama sohasida davlat tiliga munosabatni oʻzgartirish kerak
Bugungi kunda mediamakonda omma ongini eng koʻp “band qilayotgan” unsur bu – reklama. Shu sabab, jahon tajribasida reklama “hamyonbop axborot” sanaladi.
Bugungi kunda mediamakonda omma ongini eng koʻp “band qilayotgan” unsur bu – reklama. Shu sabab, jahon tajribasida reklama “hamyonbop axborot” sanaladi.
Manbalarni titib, bir qiziq faktga roʻbaroʻ keldim. Aslida, reklama uzoq oʻtmishdan odamzotga hamroh ekan. Yaʼni, hali pul oʻylab topilmagan zamonlarda, masalan, ayirboshlash bozori (barter) davridan. Bozorda kimdir echki olish uchun eski ov qurolini rosa maqtagan boʻlsa, yana kimdir ayiq terisiga birovni qiziqtirib, boltaga almashgan. Hatto bunday ishni oʻziga kasb qilib, foydalangan odamlar paydo boʻlgan. Xuddi hozirgi zamon tilida “promouter” yoki “dallol” kabi. Xullas, oʻsha davrdayoq odam oʻzi anglamagan holda “ogʻzaki reklama”ga asos solgan.
Bizning zamonamizda reklamaning shakllari koʻpaydi: tashqi reklama, brendlar orqali, OAV, ijtimoiy tarmoqlar yoki internet-reklama, shuningdek, transportda, elektron tabloda va h.k. Hatto, isteʼmolga SMS, chat-bot, promokod, QR-kod, golografik-reklama singari innovatsion usullar ham kirib kela boshladi. Endilikda, dunyo “raqamlashgan reklama” sari yangi qadamni tashlamoqda.
Hozirda reklamaning eng ommalashgan usuli internet orqali ekani sir emas. Forrester Research xalqaro tahlil va tadqiqot agentligi maʼlumotiga koʻra, reklama bozorida oʻta jiddiy oʻsish kuzatilmoqda. Yaʼni, jahon reklama bozori aylanmasida internetning ulushi har oyda 5-7 milliard AQSH dollarini (42 foiz) tashkil qilyapti. 2019-yilda internet-reklama ulushi ($332 mlrd.) TV-reklama ($192 mlrd.) ulushidan qariyb ikki karraga koʻpayib ketdi. Albatta, dunyo aholisining 4,5 milliard nafari internet-foydalanuvchisi sifatida va 3,8 milliard nafarga yaqini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sifatida ana shu reklama bozorining ishtirokchilari hisoblanishi mumkinligi yuqoridagi yirik summalar aylanishini isbotlab turibdi.
Reklama qonunchiligi boʻyicha jahon tajribasi quyidagicha. 1987-yilda Xalqaro savdo palatasi tomonidan qabul qilingan “Xalqaro reklama Kodeksi” bu sohani qonuniylashtirishga turtki boʻlgan. Xalqaro hujjatning bosh qoidasi “har qanday reklama murojaati odobli, haqqoniy va ishonchli boʻlishi”ni talab qiladi. Unga koʻra, “reklama jamiyat oldida masʼuliyat hissi bilan va adolatli raqobat tamoyillariga javob bergan holda yaratilishi kerak, reklamaga boʻlgan ishonchni yoʻqotmasligi kerak”.
Shunday qilib, oʻtgan asrning 90-yillari Ispaniya, Fransiya, Germaniya kabi qator rivojlangan davlatlar uchun reklamani qonunchilik bilan tartibga solish davri boʻldi. Bular ichida Ispaniya 1988-yilda 5 ta mustaqil kodeksni oʻz ichiga oluvchi “Reklama toʻgʻrisida umumiy qonun”ni qabul qilgan. Italiya, Belgiya, Avstriya kabi Yevropa mamlakatlarida esa reklamani tartibga soluvchi yaxlit qonun hujjatlari yoʻq, yaʼni, reklamaga oid baʼzi muhim qoidalar boshqa qonun hujjatining yoki qaysi bir kodeksning alohida boʻlim yoki tegishli moddalarida aks etgan.
Bu borada MDH davlatlari tajribasini esa biroz takomillashgan deyish mumkin. Rossiya Federatsiyasi 1995-yilda, Qirgʻiziston 1998-yilda, Qozogʻiston 2003-yilda va Turkmaniston 2016-yilda reklama sohasini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatini amalga kiritgan. Oʻtgan yillar davomida ularda 9 dan 18-martagacha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganini kuzatish mumkin.
Oʻzbekistonda 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan va jami 30 moddadan iborat boʻlgan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun amal qiladi.
Bir qarashda reklama sohasiga oid qonunimiz ishlab turibdi. Lekin, bugungi tajriba va talabdan kelib chiqilsa, ushbu qonunni zamonaviy qarashlar kengroq aks etgan zarur qoidalar bilan toʻldirish va toʻliq takomillashtirish lozimligi koʻrinadi.
Ushbu qonun hujjatida xalq va davlat manfaatlariga, iqtisodiy va milliy rivojlanishning asosiy tamoyillariga daxldor baʼzi muhim va dolzarb masalalar aks etishi kerak.
Jumladan, qonunning 5-moddasidagi qoidalar bugunga kelib reklamaning davlat tili bilan bogʻliqligi darajasi oʻta ahamiyatsiz oʻrinda qolib ketmoqda. Birinchi navbatda, qonunning reklama mahsulotlarini tayyorlash va tarqatish sohasiga oid normalarni Davlat tiliga doir tegishli qonun hujjatlari talablariga moslashtirish lozim. Chunki reklama mahsulotlari bozori boʻyicha Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan oʻtkazilgan qator monitoring va kuzatuv tadbirlari natijalari reklama sohasida oʻzbek tiliga nisbatan hurmat munosabati hisobga olinmayotganini koʻrsatdi.
Ikkinchidan, inson uchun hayotda birinchi masala bu salomatlikdir. Insonlar, ayniqsa, yoshlar sogʻligiga daxldor holatlar, xususan, reklama sohasidagi xizmat va mahsulotlarning odam salomatligiga taʼsir koʻrsatishini mutlaq cheklovchi alohida va aniq qoidalar ifoda etilmagan. Butun boshli qonun hujjatining biron moddasida “salomatlik” soʻzi umuman qayd etilmagani ham masalaga qanchalik eʼtibor qilish lozimligini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyatining qonunchilik zamonaviy taomillaridan kelib chiqib, ijtimoiy reklamalar tasnifi qonunda atroflicha ochib berilmagani holda masalaga mantiqan eskicha yondashuv saqlanib turibdi. Xususan, hozirda dunyo hamjamiyati davlatchiligida keng foydalanilayotgan sogʻlom turmush madaniyati, huquqiy savodxonlik va qonunga itoatkorlik kabi mavzulardagi, mehr-shafqat va homiylik yoʻnalishidagi, shuningdek, favqulodda holatlarda va umumdavlat manfaatiga taalluqli boʻlgan manzilli reklama shakllarini tarqatilishiga doir zarur imtiyozlar yoki tegishli talablar aniq aks etmagan.
Zamonaviy tajribadan kelib chiqsak, qonun hujjati muhokamasida eʼtibor markazida turishi lozim boʻlgan yana bir asosiy jihat bor. Bu, iqtisodiyotning zarur manbalarini hisobga olgan holdagi reklama monitoringi va reklama industriyasi masalalari bilan shugʻullanuvchi, ayniqsa, hududlarda reklama sohasida xizmat koʻrsatish sifati va darajasini oshirishga koʻmaklashuvchi asosiy tashabbuskor va masʼul organni belgilash masalasi. Bu borada jamoatchilik va mutaxassislar fikrini oʻrganish maqsadga muvofiq boʻladi.
Umuman olganda, har qanday qonun hujjatini takomillashtirish zamirida xalqimizning va oʻsha qonun bilan himoyaga olinadigan soha subyektlarining manfaati yotadi. Deputatdan esa, ana shu manfaatni koʻpchilik oʻrtasida himoya qilish talab etiladi. Chunki, Prezidentimiz aytganidek: “Har qanday qonunning koʻzi va oyogʻi boʻlsin, chunki u ishlashi kerak!”.
Kuni kecha Oliy Majlisning Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan onlayn majlis oʻtkazildi. Unda “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunni takomillashtirish, bugungi zamon talabiga mos hujjat darajasiga olib chiqish masalasini masofadan turib qizgʻin muhokama qildik.
Toʻgʻri, faqat bir-ikki deputatning tashabbusi yoki shaxsiy izlanishlari natijasi bilan butun bir qonun takomillashib ketmasligi mumkin (lekin bu amaliyotda uchrab turadi). Bunda biz – deputatlarga jamoatchilik va ijtimoiy faol qatlamning fikri ham yordam beradi.
Shunday ekan, Siz nima deb oʻylaysiz: reklama boʻyicha yana qanday qoidalar joriy qilishimiz kerak?
Umidjon Jabborov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati