Reklama qonunchiligini buzgan 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkiloti jarimaga tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida moliyaviy xizmatlar reklamasida qonunchilik talablarini buzgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan ayrim reklamalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar berilgan. Qonunbuzilishlarning asosiy qismi aynan moliyaviy xizmatlar reklamasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘rganishlar davomida omonat va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, sug‘urta yoki vositachilik to‘lovlari kabi muhim ma’lumotlar ayrim reklamalarda umuman keltirilmagani yoki mayda shriftda, tushunish qiyin bo‘lgan tarzda berilgani aniqlangan.
Shuningdek, ba’zi reklamalarda ikki ma’noli iboralardan foydalanish, xizmat shartlarini bo‘rttirib ko‘rsatish hamda boshqa tashkilotlarning nomi yoki tovar belgilariga oid kalit so‘zlardan foydalanish orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari ham kuzatilgan.
Raqobat qo‘mitasi eslatishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, moliyaviy xizmatlar haqidagi reklama aniq, to‘liq va ishonchli bo‘lishi, shartnoma tuzishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha shartlarni ochiq ko‘rsatishi lozim.
Shuningdek, ma’lumotlar iste’molchilar uchun oson o‘qiladigan va tushunarli shaklda taqdim etilishi, mayda shrift yoki yashirin matn ko‘rinishida berilmasligi shart.
Qo‘mita moliyaviy xizmatlar reklamalarida noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi axborot tarqatilgani aniqlangan hollarda qonunchilikka muvofiq tegishli moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini yana bir bor ogohlantirdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA